O‘zbekiston va YEOII: global iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida amaliy hamkorlikni kengaytirish

May 29, 2026. 09:10 • 4 daq

227
O‘zbekiston va YEOII: global iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida amaliy hamkorlikni kengaytirish

TOSHKENT, 29-may /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining navbatdagi sammitida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning keyingi yillarda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)tadbirlarida ishtiroki mamlakat tashqi iqtisodiy strategiyasining muhim elementiga aylandi. U amaliy hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va mintaqaviy o‘zaro hamkorlikning barqaror mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan. Jahon iqtisodiyoti transformatsiyasi, logistika yo‘nalishlarining murakkablashuvi va investitsiya resurslari uchun raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda Yevroosiyo yo‘nalishi O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti 2025-yildagi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida taʼkidlaganidek, “Global bozorlar parchalanishi kuchayib, logistika zanjirlari murakkablashayotgan va investitsiya resurslarini taqsimlashda ustuvorliklar o‘zgarayotgan bugungi sharoitda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari bilan pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish biz uchun prinsipial ahamiyat kasb etadi”. Bu pozitsiya O‘zbekistonning Yevroosiyo makonida barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy aloqalarni shakllantirishga intilishini aks ettiradi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi postsovet makonidagi eng yirik integratsion birlashmalardan biri hisoblanadi. U Bojxona ittifoqi va Yagona iqtisodiy makon negizida shakllangan. Ittifoq 2015-yil 1-yanvardan boshlab faoliyat yurita boshladi. Tashkilot to‘g‘risidagi shartnoma Belarus, Qozog‘iston va Rossiya tomonidan imzolangan bo‘lib, keyinchalik Armaniston va Qirg‘iziston ham unga qo‘shildi.

O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligining zamonaviy bosqichi 2019-yildan boshlanadi. Shu yili respublika Ittifoq bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini kompleks tarzda o‘rganishga kirishdi. 2020-yil 11-dekabrda O‘zbekiston rasman YEOII huzurida kuzatuvchi davlat maqomini oldi. Bu mamlakatga Ittifoq organlari yig‘ilishlarida ishtirok etish, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan tizimli muloqot o‘rnatish va integratsion birlashmaning amaliy mexanizmlarini o‘rganish imkonini berdi.

Shu davrdan eʼtiboran, O‘zbekistonning EOII bilan hamkorligi barqaror, tizimli va amaliy yo‘nalish kasb etdi. Ittifoq bilan hamkorlik bo‘yicha idoralararo ishchi guruh tashkil etildi, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan doimiy maslahatlashuv mexanizmi yo‘lga qo‘yildi, O‘zbekiston Hukumati va YEIK o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Keyinchalik tomonlar savdo, sanoat, transport, moliya sohasi va raqamli texnologiyalarni qamrab olgan qo‘shma uch yillik hamkorlik rejalarini amalga oshirishga o‘tdi.

O‘zbekistonning YEOII tadbirlaridagi yuqori darajadagi ishtiroki ham faollashdi. 2021-yildan boshlab O‘zbekiston Prezidenti muntazam ravishda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishlarida, hukumat vakillari esa Yevroosiyo hukumatlararo kengashi ishlarida ishtirok etmoqda. Bu hamkorlikning izchil rivojlanayotganini va tomonlarning amaliy o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning YEOII davlatlari bilan hamkorligi barqaror ijobiy dinamikani namoyon qildi. Yevroosiyo makoni respublika tashqi savdosining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning YEOII davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 20 milliard AQSH dollaridan oshdi, Ittifoq davlatlarining respublika tashqi savdosidagi ulushi esa mamlakat umumiy tashqi savdo aylanmasining qariyb chorak qismini tashkil qildi.O‘zbekiston YEOIIning qator tarmoq tashabbuslari va loyihalarida ham ishtirok etmoqda. Ular qatoriga elektron tijoratni rivojlantirish, yuk temiryo‘l tashuvlarini raqamlashtirish, “Yevroosiyo agroekspressi” loyihasini amalga oshirish, iqlim kun tartibi bo‘yicha hamkorlik kiradi. Ushbu yo‘nalishlar logistika xarajatlarini kamaytirish, transchegaraviy savdoni soddalashtirish va Yevroosiyo makonidagi transport yo‘laklari o‘zaro bog‘liqligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Hozirgi bosqichda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi savdo-iqtisodiy sohadan tashqari raqamli transformatsiya, texnologik hamkorlik va qo‘shma infratuzilmani rivojlantirishni ham qamrab olgan holda sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Asosiy ustuvor vazifalardan biri mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va iqtisodiy hamkorlikning yana-da samarali mexanizmlarini yaratishdan iborat.

Hozirgi hamkorlik bosqichining muhim tarkibiy qismi raqamli integratsiyani rivojlantirish ham hisoblanadi. O‘zbekiston raqamli platformalarni o‘zaro uyg‘unlashtirish, elektron tijoratni kengaytirish va maʼlumot almashishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishdan manfaatdor. Bunday yondashuv tashqi savdo samaradorligini oshirish vazifalariga ham, Yevroosiyo makonida zamonaviy va o‘zaro bog‘langan iqtisodiy infratuzilmani shakllantirish maqsadlariga ham javob beradi.

O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi izchil ravishda tizimli va amaliy yo‘naltirilgan xususiyat kasb etmoqda. Kuzatuvchi davlat maqomidagi nisbatan qisqa davr ichida tomonlar barqaror muloqot mexanizmlarini shakllantirishga, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga va aniq tarmoq hamda infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga erishdi.

O‘zbekiston uchun Yevroosiyo yo‘nalishi iqtisodiy modernizatsiya, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va transport-logistika bog‘liqligini mustahkamlash strategiyasining muhim elementi bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, respublika integratsion jarayonlarda milliy iqtisodiy manfaatlar va o‘zaro manfaat tamoyilidan kelib chiqqan holda moslashuvchan va pragmatik ishtirok modelini saqlab qolmoqda.

Jahon iqtisodiyoti transformatsiyasi, bozorlar uchun raqobat kuchayishi va global logistika yo‘nalishlari o‘zgarayotgan sharoitda YEOII bilan hamkorlik Toshkent tomonidan barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlash, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish vositalaridan biri sifatida qaralmoqda. Shu bois, O‘zbekiston kelgusida ham Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlash, kooperatsiyaning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish va mintaqaviy taraqqiyotning muhim masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlash niyatida.


Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish