Indoneziya poytaxtida maktab o‘quvchilariga O‘zbekiston tarixi va madaniyati tanishtirildi
Noyabr 16, 2026. 11:30 • 2 daq
• 23JAKARTA, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Indoneziya poytaxtidagi “Labschool Kebayoran” o‘rta maktabida “International Cultural Day 2026 – Global Window” xalqaro dasturi doirasida “O‘zbekiston kuni” tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirning asosiy maqsadi indoneziyalik maktab o‘quvchilarini O‘zbekistonning tarixiy merosi, madaniy-ma’naviy qadriyatlari, mamlakatning zamonaviy taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Dastur doirasida O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi “Discover Uzbekistan” loyihasini taqdim etdi. Shuningdek, maktabda milliy an’analar, madaniy meros, noyob arxitektura yodgorliklari va yurtimizning bugungi taraqqiyotiga bag‘ishlangan maxsus “O‘zbekiston sinfxonasi” tashkil etildi.
Taqdimot chog‘ida o‘quvchilarga mamlakatimiz tarixi, uning Islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, iqtisodiy salohiyati, eksport imkoniyatlari, boy tabiiy resurslari va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil so‘zlab berildi. Buyuk ipak yo‘lining qadimiy shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent, shuningdek, yurtimizning turistik hamda ta’lim salohiyati yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuvning alohida qismi Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Muhammad al-Xorazmiy va Mirzo Ulug‘bek kabi O‘zbekistonning buyuk alloma va mutafakkirlariga bag‘ishlandi. O‘quvchilarga ularning jahon fani va sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan bebaho hissasi haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, Movarounnahr olimlarining Janubi-Sharqiy Osiyo, xususan, Indoneziyada islom ta’limotini tarqatish va rivojlantirishdagi o‘rni qayd etildi. Imom Buxoriy merosining indoneziyalik yoshlarning ma’naviy tarbiyasi va ilmiy dunyoqarashini shakllantirishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Maktab o‘quvchilariga O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, barqaror iqtisodiy o‘sishi hamda xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani to‘g‘risida so‘zlab berildi. Shuningdek, Indoneziya fuqarolari uchun joriy etilgan 30 kunlik vizasiz rejim alohida ta’kidlab o‘tildi.
Tadbir o‘quvchilar va o‘qituvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Uchrashuv yakunida maktab o‘quvchilari O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, ta’lim tizimi va turistik imkoniyatlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Maktab ma’muriyati va ota-onalar ushbu tadbirni yuqori baholab, uning yoshlarning O‘zbekiston haqidagi bilimlarini kengaytirish, mamlakatimizning Indoneziyadagi ijobiy imijini mustahkamlash hamda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




