Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston iqlim diplomatiyasida amaliy natijalarga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surmoqda
Noyabr 13, 2026. 15:00 • 3 daq
• 43
DUSHANBЕ, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Antaliyada bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasidagi Butunjahon yetakchilar sammitidagi ishtiroki xususida fikr bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifining asosiy siyosiy ahamiyati O‘zbekistonning global iqlim muammolari muhokamasidagi faol ishtiroki hamda butun Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surishida namoyon bo‘ladi.
BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi global ekologik muammolarni muhokama qilish uchun xalqaro maydon hisoblanadi. Mazkur anjumanda qatnashish O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Negaki, iqlim o‘zgarishi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, suv resurslari holati, qishloq xo‘jaligi, energetika xavfsizligi hamda Orolbo‘yi hududidagi ekologik vaziyatga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, mavjud xavf-xatarlarning aksariyati transchegaraviy xususiyatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlarini talab etadi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston tomonidan COP31 maydonida ilgari surilgan qator tashabbuslar alohida e’tiborga loyiqdir.
O‘zbekiston milliy pavilonida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlarining iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi harakati bo‘yicha Ipak yo‘li deklaratsiyasi imzolandi. Mazkur tadbirda har ikki mintaqa davlatlari vakillari ishtirok etdi.
Ushbu hujjat iqlim omili sabab yuzaga keladigan migratsiya masalalarida hamkorlikni mustahkamlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mushtarak yondashuvlarni ishlab chiqish uchun mintaqaviy poydevor vazifasini o‘taydi.
O‘zbekiston tomoni Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro moliya institutlari o‘rtasida “5+5” mintaqaviy iqlim muloqoti formatini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Bunday muloqot maydoni investitsiyaviy masalalarni kelishish, loyihalar portfelini muvofiqlashtirish va iqlim moliyasi samaradorligini oshirish imkonini beradi. Ushbu formatdagi ilk uchrashuvni 2027-yilda Toshkentda o‘tkazish taklif etildi.
Iqlim sohasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yashil iqlim jamg‘armasi ijrochi direktori Mafalda Duerte bilan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va iqlim mablag‘larini jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 200 million dollardan oshganini ta’kidladilar.
Xususan, muloqot chog‘ida Markaziy Osiyoda iqlimga chidamli landshaftlarni barpo etish bo‘yicha mintaqaviy dastur va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston faqat ekologik muammolarni o‘rtaga tashlash bilan cheklanib qolmayotganini alohida ta’kidlash lozim. Ilgari surilgan tashabbuslarda ularni amaliy hamkorlik mexanizmlariga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday yondashuv O‘zbekiston iqlim diplomatiyasida amaliy harakatlarga jiddiy yondashayotganidan dalolat beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasidagi ishtiroki, birinchi navbatda, mamlakatning global iqlim kun tartibini shakllantirish jarayoniga faol kirishishi hamda Markaziy Osiyoning umumiy muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surishi bilan belgilanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi