Logo

O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi

Aprel 28, 2026. 15:25 • 3 daq

164
O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi

BERLIN, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Kecha Germaniya poytaxtida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Berlin “Millennium Team” Cadet European – Cup 2026” nomli ushbu xalqaro musobaqada dunyoning 35 ta davlatidan jami 740 nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi.

Turnirda o‘zbekistonlik yosh dzyudochilar ham munosib qatnashdi. Hamyurtlarimiz 4 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza, jami 11 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlar Fransiya va Ozarbayjon sportchilariga nasib etdi.

Yurtimiz terma jamoasi safida Charos Hikmatova, Abubakr Sattorov, Zuhra Alimova va Samandar Sunnatov oltin medallarini qo‘lga kiritdi.

Maʼmurjon Abduvahobov va Davlatbek Ahrorov kumush medalga sazovor bo‘ldi. Eʼtiborli jihati, -60 kg vazn toifasida final bahsi uchun ikki nafar o‘zbekistonlik dzyudochi o‘zaro bellashdi.

Iroda Sirojiddinova, Dilafruz Boltaboyeva, Bobur Yusupov, Akromjon Karimov va Behruzbek Usmonov bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Berlindagi ushbu yuksak natija O‘zbekiston dzyudo maktabining tizimli ishlarni amalga oshirayotgani, xalqaro maydonda raqobatbardoshligi va yosh sportchilar salohiyati yuqori ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi har tomonlama yuqori natija ko‘rsatgan holda turnirning eng yaxshi jamoasi sifatida eʼtirof etildi.

Xalqaro bellashuvda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov ham qatnashdi. Elchi yosh va umidli dzyudochilarni muvaffaqiyatli ishtiroki bilan tabriklab, ularga kelgusi musobaqalarda omad tiladi.

Mutaxassislar fikricha, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining Berlindagi mazkur natijasi tasodif emas, balki bosh murabbiy, ruminiyalik mutaxassis Aurelian-Chiprian Flis boshchiligida trenerlar jamoasining mashaqqatli mehnati natijasidir.

“Turnirda dunyoning turli mamlakatidan 740 nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi. Bu musobaqaning yuqori nufuzga ega ekanini ko‘rsatadi. Ishtirokchilar orasida O‘zbekiston dzyudochilari katta g‘ayrat va iroda namoyon etib, g‘alabaga erishdi. O‘zbek sportchilarining yuqori natijalari bizni quvontirdi. O‘zbekistonda har doimgidek istiqbolli yosh sportchilar avlodi yetishib kelmoqda”, deya fikr bildirdi Germaniya dzyudo federatsiyasi vitse-prezidenti, Berlin dzyudo uyushmasi rahbari Tomas Yutner.

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aurelian-Chiprian Flis musobaqa terma jamoa erishgan yutuqlar haqida o‘z fikrlarini bayon etdi:

“Biz milliy terma jamoa bilan ikkinchi musobaqada ishtirok etdik. Musobaqa yaxshi o‘tdi, chunki sportchilarimiz yuqori natijalar ko‘rsatdi. Umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladik. Bu jamoamizning katta salohiyatga ega ekanini va kelgusida Osiyo hamda Jahon chempionatlarida munosib qatnashishimizga ishonch borligini anglatadi. Sportchilarga, hamkasblarimga va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasiga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildiraman. Endi may oyida Toshkentda o‘tadigan xalqaro turniriga tayyorgarlikni boshlaymiz va u yerda ham shogirdlardan yaxshi natijalar kutib qolamiz”.

Musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritgan Abubakir Sattorov ham musobaqadagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

“Musobaqada birinchi o‘rinni egalladim. Ustozlarim va tashkilotchilardan minnatdorman. Keyingi musobaqalarda ham O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘tarib, yana-da nufuzli bellashuvlarda ham g‘olib bo‘lishga harakat qilaman”.

60 kg vazn toifasida kumush medal sohibiga aylangan Davlat Ahrorov:

“Musobaqa juda qizg‘in va kuchli raqobat ostida o‘tdi. Finalda yurtdoshim Abubakir Sattorovga yutqazib qo‘yganim uchun, mag‘lubiyat unchalik alamli bo‘lmadi. Germaniyadagi elchixona xodimlariga qo‘llab-quvvatlab turgani uchun rahmat aytaman. Bu safar kumush medal bo‘ldi, kelgusi musobaqalarda oltin medal olishga bor kuchimni sarflayman”.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish