Budapeshtdan munosabat: TDT taraqqiyotida O‘zbekistonning raqamlashtirish tajribasi namuna sifatida ko‘rilmoqda

BUDAPESHT, 16 may. /“Dunyo” AA/. Vengriya xalqaro munosabatlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Shandor Sheremet “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 15 may kuni Turkiston shahriga amalga oshirgan xizmat safari va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:
– Turkiy davlatlar tashkiloti xalqaro tashkilotning madaniy hamkorlik platformasidan sezilarli mintaqaviy ta’sirga ega bo‘lgan hamda a’zo davlatlarni rivojlantirishga qaratilgan institutsional infratuzilmasi mavjud tuzilmaga aylanganini ko‘rsatmoqda.
Ukrainadagi mojaro boshlanganidan keyin global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar energiya resurslari, noyob yer metallari va boshqa tovarlar yetkazib berishni diversifikatsiya qilish zaruratini yaqqol namoyon qildi. Yangi reallik Yevroosiyoning yirik bozorlarini bog‘laydigan, barqaror va xavfsiz hududlardan o‘tuvchi muqobil logistika yo‘laklarini rivojlantirish ahamiyatini ham oshirdi. Shu nuqtai nazardan, O‘rta (Transkaspiy) koridorining rivojlanishi jahon iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Agar Transkaspiy koridori yo‘nalishini TDTga a’zo davlatlar geografiyasi bilan taqqoslasak, zamonaviy logistikaning eng istiqbolli loyihalaridan biri aynan Turkiy davlatlar tashkilotining ichki makoni orqali o‘tayotgani yaqqol ko‘rinadi. Shu bilan birga, ushbu yo‘lak bo‘yicha tashuvlarga bo‘lgan o‘sib borayotgan talab hamda TDT davlatlarining tovar va resurslari yangi vazifalar majmuasini yuzaga keltirmoqda.
Shu munosabat bilan bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish, shuningdek, tashkilot ichida maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish uzoq muddatli strategik maqsad emas, balki amaliy zaruratga aylanmoqda. Yangi chaqiriqlar va realliklarga moslashish qobiliyati xalqaro tashabbuslarning barqarorligini ta’minlovchi asosiy omillardan hisoblanadi. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi TDTdan ushbu masalalar bo‘yicha kompleks va tizimli yondashuvni ishlab chiqishni talab etmoqda.
Yuqorida qayd etilgan vazifalar iqtisodiyot, bojxona tizimlari va logistika jarayonlarini uyg‘unlashtirish – zamonaviy raqamli texnologiyalarsiz samarali hal etilishi mumkin emas. Bu sohada esa sun’iy intellekt tobora muhim o‘rin egallamoqda.
O‘zbekiston TDTning ishonchli asoschilaridan biri sifatida mintaqaviy turkiy hamkorlik masalalarida barqaror pozitsiyani saqlab, shu bilan birga iqtisodiy integratsiyaning faol harakatlantiruvchi kuchiga aylanib bormoqda. Logistika infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar orqali O‘zbekiston bosqichma-bosqich O‘rta koridorning asosiy bo‘g‘inlaridan biriga aylanmoqda va TDT doirasida iqtisodiy integratsiyaning chuqurlashishiga hissa qo‘shmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev geosiyosiy va iqtisodiy tendensiyalardagi o‘zgarishlarni teran anglaydi. Bu esa O‘zbekistonga moslashuvchan va adaptiv iqtisodiy siyosat olib borish imkonini beradi. Bunga misol sifatida turizm sohasida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan islohotlarni keltirish mumkin bo‘lib, ular turizm sektorini zamonaviy global tendensiyalarga moslashtirish va turistlar oqimining barqaror o‘sishini ta’minlashga xizmat qilgan.
Muvaffaqiyatli islohotlar raqamlashtirishni jadal rivojlantirishni ham o‘z ichiga oladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidentining Turkistondagi TDT sammitidagi ishtiroki mantiqan asosli va o‘rinli hisoblanadi. O‘zbekistonning raqamlashtirish sohasidagi tajribasi TDT doirasida sun’iy intellekt va iqtisodiy hamkorlikni raqamlashtirish tashabbuslari uchun kengroq formatda samarali qo‘llanilishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

TDT sammitida O‘zbekiston tashabbuslari turkiy dunyoning raqamli integratsiyasida yangi bosqichni boshlaydi

Moskvadan munosabat: O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslari TDTda qo‘shma raqamli loyihalarni amalga oshirishga katta hissa qo‘shadi


