Bokudan munosabat: O‘zbekistonning TDTdagi tashabbuslari tashkilot doirasidagi hamkorlikni amaliy va aniq natijalarga yo‘naltirmoqda

May 16, 2026. 09:10 • 4 daq

28
Bokudan munosabat: O‘zbekistonning TDTdagi tashabbuslari tashkilot doirasidagi hamkorlikni amaliy va aniq natijalarga yo‘naltirmoqda

BAKU, 16-may. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjondagi  “Trend.az” axborot nashri jurnalisti va siyosatshunos Alena Pavlenko “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining shu yil 15-may kuni Turkiston shahriga amalga oshirgan xizmat safari va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

– Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bugungi kunda eng nufuzli mintaqaviy birlashmalardan biriga aylanish salohiyatiga ega. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, TDTga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning umumiy yalpi ichki mahsuloti 2,1 trillion dollardan oshdi, tovar ayirboshlash hajmi esa 1,127 trillion dollarga yetdi.

Bu borada O‘zbekiston TDT doirasidagi amaliy integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev izchil ravishda iqtisodiy rivojlanish, infratuzilma loyihalari va hamkorlikning aniq natijalariga alohida urg‘u berib kelmoqda. Bu tashabbuslar mamlakatning TDT iqtisodiy kun tartibini muvofiqlashtiruvchi markazlardan biri sifatidagi rolini mustahkamlamoqda.

Jumladan, Toshkent turkiy davlatlar o‘rtasida Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va birodarlik to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Shuningdek, TDTning 2030-yilgacha rivojlanish strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston turkiy davlatlarning Iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tuzish tarafdori bo‘lib, uning loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishni taklif qilmoqda.

O‘zbekiston TDT doirasida savdo, biznes va o‘zaro investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlarga ega Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Asosiy tashabbuslar qatorida Turkiy davlatlar sanoat alyansini tuzish, “Turkiy yashil yo‘laklar” elektron tizimini joriy etish, strategik mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish, shuningdek, “yashil” energetika va logistika sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish bor.

“Yashil” energetika sohasida O‘zbekiston ishtirokidagi asosiy loyihalardan biri – Markaziy Osiyo energetika tizimlarini Ozarbayjon orqali Yevropa bilan bog‘lashga qaratilgan “Yashil energetika koridori”dir.

Anʼanaviy energetika sohasida ham O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik izchil kuchayib bormoqda. Yaqinda “BP” kompaniyasi O‘zbekistonning Shimoliy Ustyurt hududidagi oltita blok bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid bitim (PSA)da ishtirok etishini rasman tasdiqladi. PSA bo‘yicha kelishuv dastlab 2025-yil 24-iyul kuni SOCAR, “O‘zbekneftgaz” va O‘zbekiston Energetika vazirligi o‘rtasida imzolangan edi. Loyiha amalga oshirishning birinchi bosqichida bo‘lib, unda operator sifatida SOCAR seysmik qidiruv ishlarini olib bormoqda. Shuningdek, SOCARning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ochilishi ham maʼlum qilindi.

O‘rta koridor va multimodal logistikani rivojlantirish ham alohida ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘lining qurilishi TDT uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda va u O‘rta koridor imkoniyatlarini yana-da kengaytirishi kutilmoqda.

O‘zbekiston 600 million dollar kapitalga ega Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirishni ham faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Yaqinda jamg‘arma TDT davlatlarida qiymati 20 million dollardan boshlanadigan ilk infratuzilmaviy va logistika loyihalarini moliyalashtirishga tayyor ekani maʼlum qilindi. Toshkent, shuningdek, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan strategik hamkorlik dasturini qabul qilish tarafdori hisoblanadi.

Yana bir muhim yo‘nalish – raqamlashtirish va sunʼiy intellekt sohasi. TDT davlat rahbarlarining norasmiy sammiti “Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusiga bag‘ishlandi. O‘zbekiston bu sohani ham faol rivojlantirmoqda, mamlakatda 2030-yilgacha sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilmoqda. TDT davlatlari, “CubeSat” formatidagi qo‘shma sunʼiy yo‘ldoshni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Umuman olganda, ushbu tashabbuslar TDT doirasida mintaqaviy integratsiyaning chuqurlashayotganini ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonning transport bog‘liqligi, energetika va texnologik loyihalarni rivojlantirishdagi faol ishtiroki esa TDT doirasidagi hamkorlikni yana-da amaliy va aniq natijalarga yo‘naltirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish