Logo

Qirolicha Raja Zarit Sofia: Yuksak mehmondo‘stlik va yorqin taassurotlarga boy sayohat uchun rahmat, O‘zbekiston!

May 08, 2026. 17:30 • 3 daq

163
Qirolicha Raja Zarit Sofia: Yuksak mehmondo‘stlik va yorqin taassurotlarga boy sayohat uchun rahmat, O‘zbekiston!

KUALA-LUMPUR, 8-may /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizga tashrif buyurgan Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofia o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida O‘zbekistonga safari davomida o‘zbek xalqi tomonidan ko‘rsatilgan samimiy qabul, yuksak mehmondo‘stlik, yorqin va unutilmas taassurotlarga boy sayohat uchun minnatdorlik maktubini eʼlon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Avval Malayziyada maktabda, keyin esa Angliyada o‘rta maktab va universitetda tahsil olgan inson sifatida men Malayziya va Britaniya madaniyatini o‘rganib, shu muhit taʼsirida voyaga yetdim, – deb yozgan Malayziya Qirolichasi maktubida. – Ota-onam bizni Yevropa va Qo‘shma Shtatlarga sayohatga olib borishar edi.

Juda uzoq vaqt davomida men kabi ko‘plab insonlar faqat G‘arb mamlakatlariga sayohat qilish haqida o‘ylashardi. Biz Markaziy Osiyo davlatlari haqida yetarlicha maʼlumotga ega emas edik.

Men Malayziyaga O‘zbekiston haqidagi ajoyib xotiralar bilan qaytmoqdaman. Bu yerda uchratgan har bir inson bizga do‘stona munosabatda bo‘ldi, samimiylik va yuksak mehmondo‘stlik namoyon etdi.

Men sayohat qilgan ayrim mamlakatlarga nisbatan shaharlar juda toza ekani eʼtiborimni tortdi. Hamma joyda go‘zal gullar ekilib, odamlar sayr qilishi uchun bog‘lar barpo etilgan.

Toshkentdagi esdalik sovg‘alari do‘konlari haqiqiy sanʼat asarlarini namoyish etadi. Nozik o‘yilgan yog‘och qutilardan tortib, murakkab naqshlar bilan bezatilgan buyumlargacha – barchasi yuksak mahorat namunasi. Do‘konlarda, shuningdek, yorqin kashtalar bilan bezatilgan sharflar, kurtkalar va uzun xalatlar ham bisyor.

Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif menda unutilmas taassurot qoldirdi. Qani endi barcha ko‘rgazmalarni tomosha qilish uchun yana-da ko‘proq vaqt bo‘lsa edi. Markaz Islomning Oltin asrida yashagan musulmon olimlarining ulkan ilm-maʼrifatini o‘zida mujassam etgan.

Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan uchta muhtasham inshootning go‘zalligi meni hayratga soldi. Masjid va madrasalarning tashqi hamda ichki ko‘rinishi nihoyatda betakror.

Men rassomchilikdan biroz xabardorman va shuni ayta olamanki, ushbu binolarni barpo etgan hunarmandlarning mahorati va isteʼdodi har qanday insonni lol qoldiradi.

Imom Buxoriy majmuasi ham o‘zbek xalqining boy merosi, yuksak mahorati va anʼanalarini yana bir bor namoyon etdi. Ayniqsa, o‘yma yog‘och ustunlar menda katta taassurot qoldirdi.

Islom olamining eng buyuk olimlaridan biri maqbarasida bo‘lish men uchun qadrli va unutilmas lahzalardan biri bo‘ldi.

Interaktiv vizuallarga ega muzey bizga ushbu buyuk olim, uning aql-zakovati, islomga bo‘lgan muhabbati va ilm izlab islom olamining ko‘plab markazlariga qilgan safarlari haqida keng maʼlumot berdi.

Biz barchamiz u haqda o‘qiganmiz – uning hadislar to‘plami bugungi kungacha butun musulmon olami uchun muhim manba va yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qilmoqda.

Inshaalloh, Allohning marhamati bilan kelgusida oilamni ham O‘zbekistonga olib kelmoqchiman.

Men juda boy tarix va betakror go‘zalliklarga ega O‘zbekistonni qalbimda yengil hasrat, ammo yana qaytish umidi bilan tark etmoqdaman.

Menga nafaqat mehmondo‘stlik ko‘rsatgan, balki o‘z bilimi va madaniyatini men bilan baham ko‘rgan barcha insonlarga chin qalbimdan “Rahmat!” deyman.

Malay tilida “Rahmat” so‘zi “Terima kasih” deb aytiladi va u “Sevgimizni qabul qiling” degan maʼnoni anglatadi. Men va Malayziya delegatsiyasi nomidan sizlarga: “Sevgimizni qabul qiling!” deymiz.

Alloh O‘zbekiston xalqiga Islomning oltin davri merosini asrab-avaylab, uni butun dunyo bilan baham ko‘rgani, buyuk olimlaringizning ilmiy merosini saqlab kelayotgani uchun baraka ato etsin. Toki biz kabi musulmon yosh avlodlari Islom sivilizatsiyasining buyukligini anglab, uni o‘rganish imkoniga ega bo‘lsin”.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish