Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi
May 15, 2026. 08:10 • 5 daq
• 203
TOSHKENT, 15-may. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkistonda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bo‘lajak mazkur oliy darajadagi tadbir hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish va aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning keyingi ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim maydonga aylanadi.
Turkiy integratsiya makonining shakllanishi ko‘p yillik tarixga ega bo‘lib, u nafaqat til, madaniyat va tarixiy meros mushtarakligiga, balki turkiy xalqlarning boy maʼrifatparvarlik va intellektual tafakkur anʼanalariga ham tayanadi. XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi jadidchilik harakati madaniy va maʼnaviy yaqinlashuv g‘oyalarining shakllanishida alohida o‘rin tutdi. Uning namoyandalari taʼlim, ilm-fan, jamiyatni modernizatsiya qilish va turkiy xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan.
Turkiy tilli davlatlar rahbarlarining birinchi sammiti 1992-yilda Turkiya Bosh vaziri Turgut O‘zal tashabbusi bilan Anqara shahrida o‘tkazilgan. 1996-yilgi Toshkent deklaratsiyasida davlat rahbarlari Kotibiyat tuzish to‘g‘risidagi qoidani mustahkamlab qo‘ygan. Keyingi yillarda mazkur format izchil rivojlanib, 2009-yilda Naxichevanda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tashkil etildi. 2021-yilda Istanbul sammitida tuzilmani Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu tashkilot faoliyatining kengayishi va uning xalqaro ahamiyati ortib borayotganini aks ettirdi.
Tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi aʼzo davlatlar – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Ustuvor vazifalar qatoriga o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, tashqi siyosiy pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish kiradi. Savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoit yaratish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish va mintaqa aholisi turmush darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
TDTning tashkiliy tuzilmasi ko‘p tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi qator muhim institutlarni o‘z ichiga oladi. Davlat rahbarlari kengashi oliy organ hisoblanib, u rivojlanishning strategik yo‘nalishlarini belgilaydi va muntazam ravishda yig‘ilishlar o‘tkazadi. Maslahatchi vazifasini Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi bajaradi. U aʼzo davlatlarning nufuzli vakillarini birlashtirib, turkiy dunyoda o‘zaro anglashuv va ishonch anʼanalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston dastlabdan turkiy davlatlarni yaqinlashtirish va mazkur formatda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish jarayonlarining faol ishtirokchisi bo‘lib kelgan. Yangi burilish nuqtasi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 3-sentyabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan turkiy tilli davlatlar VI sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etganini qayd etish mumkin. Bu qadam tashkilot rivojiga yangi turtki berdi. 2019-yilda respublika Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilib, TDT faoliyatidagi to‘laqonli ishtirokini rasman mustahkamladi.
O‘zbekistonning qo‘shilishi bilan tashkilot faoliyati va aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik kun tartibi sezilarli darajada faollashdi. 2019–2025-yillarda o‘tgan sammitlarda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan 116 ta tashabbus ilgari surildi. Hozirgi kunga qadar ularning 64 tasi amalga oshirildi, yana bir qator loyihalar yakuniy bosqichda turibdi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning turkiy makondagi integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga nisbatan tizimli va amaliy yondashuvini ko‘rsatadi.
Amalga oshirilgan tashabbuslar keng qamrovli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Iqtisodiyot va transport sohasida logistika jarayonlarini soddalashtirish hamda mintaqaning tranzit salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan “e-Permit”, “raqamli TIR” va “yashil yo‘lak” tizimlarini joriy etish alohida ahamiyat kasb etdi. Turizm sohasida Qo‘qon shahrining turkiy dunyo turizm poytaxti deb eʼlon qilinishi va ziyorat turizmini rivojlantirishga xizmat qiluvchi “Tabarruk ziyorat” loyihasining amalga oshirilishi muhim voqealardan bo‘ldi.
Yoshlar siyosati, ilm-fan va taʼlim sohalarida hamkorlik faol rivojlanmoqda. Yosh yetakchilar forumlari, xalqaro konferensiyalar va Turkiy universitetlar uyushmasi doirasidagi tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, innovatsion rivojlanishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda – IT-forumlar, startap maydonlari va sohaviy idoralar uchrashuvlari, jumladan, kosmik sohada va mudofaa sanoatidagi hamkorlik tashkil etilmoqda. Bu ishtirokchi davlatlarning yagona texnologik makonni shakllantirishga intilishini aks ettiradi.
Turkiy davlatlar tashkilotini rivojlantirishda 2022-yil Samarqand sammiti yakunlariga ko‘ra boshlangan O‘zbekiston raisligi alohida ahamiyatga ega. Bu davrda mamlakat nafaqat amaliy hamkorlikni faollashtirdi, balki tashkilot faoliyatiga institutsional yangiliklar ham kiritdi. Xususan, ilk bor raislik davri uchun kompleks Konsepsiya va Tadbirlar rejasini ishlab chiqish amaliyoti joriy etildi. Bu hamkorlikka yanada tizimli va izchil tus berish imkonini yaratdi. Raislik doirasida iqtisodiyot va transportdan tortib ilm-fan, madaniyat va taʼlimgacha bo‘lgan asosiy sohalarni qamrab olgan turli darajadagi 100 dan ortiq tadbir o‘tkazildi.
Bugungi kunda TDT kun tartibi barcha ishtirokchi davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda shakllantirilmoqda va har bir davlat integratsiya jarayonlari rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlik barqaror ijobiy o‘sishni namoyon etmoqda. So‘nggi yillar yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashkilotga aʼzo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi izchil oshib bormoqda va 2025-yilda 10,8 milliard AQSH dollaridan oshdi. Qozog‘iston va Turkiya mamlakatimizning asosiy savdo sheriklari bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, boshqa aʼzo davlatlar bilan ham o‘zaro savdo hajmining o‘sishi kuzatilmoqda. Bu esa iqtisodiy integratsiya va mintaqadagi kooperatsiya aloqalarining chuqurlashayotganini ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan, Turkiston shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti ko‘p tomonlama hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini muhokama qilish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘ladi. Sammit mavzusidan kelib chiqqan holda, raqamli transformatsiya, qo‘shma innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamli infratuzilma sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, transport-logistika o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, turkiy makon doirasida qo‘shma yuqori texnologiyali va innovatsion loyihalarni ilgari surish masalalari ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston turkiy makonda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish va o‘zaro ishonchni mustahkamlash tarafdori sifatida tashkilotning umumiy maqsadlarini amalga oshirishga bundan buyon ham faol ko‘maklashadi. Kutilayotgan kelishuv va tashabbuslar integratsiya jarayonlariga yangi surʼat bag‘ishlashi, mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi hamda Turkiy davlatlar tashkilotining xalqaro nufuzini yanada oshirishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Qirolicha Raja Zarit Sofia: Yuksak mehmondo‘stlik va yorqin taassurotlarga boy sayohat uchun rahmat, O‘zbekiston!

Dushanbedan munosabat: Samarqanddagi OTB yig‘ilishi Markaziy Osiyoda yangi iqtisodiy modelni shakllantirmoqda


