Dushanbedan munosabat: Toshkent va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilmoqda

Iyun 08, 2026. 11:55 • 3 daq

165
Dushanbedan munosabat: Toshkent va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilmoqda

DUSHANBЕ, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 4–5-iyun kunlari Rossiyaga amaliy tashrifi hamda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 4–5-iyun kunlari Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Sankt-Peterburgga amalga oshirgan tashrifiga endi oddiy protokol tadbiri sifatida emas, balki O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini namoyon etuvchi muhim siyosiy-iqtisodiy voqea sifatida baho berish lozim. Shu bilan birga, mazkur tashrif Markaziy Osiyoning mustaqil va tobora faollashib borayotgan mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik markazi sifatidagi ahamiyati ortib borayotganini ham yaqqol ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishining boshlanishi bu xulosalarni yanada mustahkamlaydi. Zero, atom energetikasi sohasidagi hamkorlik oddiy sarmoyaviy kelishuvlardan ancha yuqori darajadagi munosabatlarni anglatadi. Bu, eng avvalo, davlatlar o‘rtasidagi yuksak siyosiy ishonch, uzoq muddatli strategik rejalashtirish va chuqur texnologik hamkorlik ifodasidir.

Loyihaning o‘zi ham o‘ziga xos xususiyatga ega. U har biri 1 GVt quvvatli ikkita VVER-1000 energobloki hamda har biri 55 MVt quvvatga ega ikkita RITM-200N kichik modulli reaktorni o‘z ichiga olgan dunyodagi birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi hisoblanadi.

Bu jarayonda O‘zbekiston nafaqat milliy manfaatlarini ilgari surmoqda, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tashqi hamkorlar o‘rtasidagi muloqot va iqtisodiy aloqalar uchun muhim platforma vazifasini ham bajarmoqda. Buni mintaqaviy yetakchilikka da’vo sifatida emas, balki konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yondashuv sifatida baholash to‘g‘riroq bo‘ladi. Bugungi kunda Toshkent xalqaro hamkorlik va iqtisodiy muloqotning muhim markazlaridan biriga aylanib bormoqda.

Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlari geosiyosiy qarama-qarshiliklarga aralashmasdan, muvozanatli va ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritishning samarali namunasini namoyon etmoqda. O‘zbekistonning tashqi siyosati buning yorqin tasdig‘idir.

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari ikki davlat munosabatlari uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yganidan dalolat beradi. 

Bugun biz o‘zbek-rus strategik iqtisodiy sherikligining yangi modeli shakllanayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Kelgusida ushbu hamkorlik Rossiyaning Markaziy Osiyo bilan munosabatlarining yangi arxitekturasida muhim tayanch omillardan biriga aylanishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish