Berlindan munosabat: Toshkent xalqaro investitsiya forumining eng muhim jihati uning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganligidir
Iyun 21, 2026. 11:00 • 4 daq
• 131
BERLIN, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi ijrochi direktori Mixael Xarms uchun bergan intervyusida Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga tashrifi va poytaxtda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
- Nemis kompaniyalarining O‘zbekistonda katta muvaffaqiyat bilan faoliyat olib borayotganligi negizida birinchi navbatda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan va muvaffaqiyat bilan davom ettirilayotgan yirik islohotlar yotadi. Mamlakat nafaqat iqtisodiyot, moliya yoki qonunchilikda amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlarda ulkan yutuqlarga erishmoqda, balki jamiyatni isloh qilish, ijtimoiy siyosat va siyosiy sohalardagi yuksalishlar ham e’tirofga loyiqdir. Va aynan shu keng qamrovli va mukammal islohotlar O‘zbekiston va Germaniya munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi.
Germaniya Federal prezidenti O‘zbekistonga o‘z vakolat muddati davomida iqtisodiy delegatsiya hamrohligida ikkinchi marta tashrif buyurdi. Birinchi tashrif 2018-yilda bo‘lib o‘tgan edi. Joriy yildagi navbatdagi tashrifda ham yuqori darajadagi iqtisodiy delegatsiya hamrohlik qilmoqda. Tashrif doirasida avtomobil sanoati, energetika, tibbiyot texnologiyalari va boshqa sohalarda aniq loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Bu esa iqtisodiy hamkorlik tobora amaliy mazmun kasb etayotgani, loyihalar esa yanada aniq va natijador tus olayotganidan dalolat beradi.
Ta’kidlash joizki, ikki mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim sanalgan bu jarayonlarni siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash nihoyatda katta ahamiyatga ega. Tashrif davomida har ikki davlat Prezidentlari iqtisodiy delegatsiya vakillari bilan uchrashadi, bu esa iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash va kengaytirishga qo‘shimcha turtki beradi, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.
Yuqorida ta’kidlaganim kabi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda siyosiy muloqotning o‘rni alohida. Albatta, kompaniyalar o‘z biznes faoliyatini mustaqil ravishda yo‘lga qo‘yadi va amalga oshiradi. Biroq, investitsiyalar va loyihalar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish yoki mavjud to‘siqlarni bartaraf etish masalasida siyosat hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Shu sababli, faol siyosiy muloqot iqtisodiy hamkorlik uchun zarur shart-sharoitlarni yanada yaxshilash va yangi loyihalarni amalga oshirishga muhim turtki berishiga ishonamiz.
Bundan tashqari, ayni paytda ikki tomonlama munosabatlarda ta’lim sohasidagi hamkorlik ham alohida o‘rin egallamoqda. O‘zbekiston malakali mutaxassislarni tayyorlash va jalb etish borasida Germaniyaning muhim hamkoriga aylanib bormoqda. Bu jarayonda siyosiy muloqotning roli dolzarb ahamiyatga ega.
So‘nggi paytlarda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bizni hayratga solmoqda. Ulardan biri yangi barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi Markazidir. So‘nggi marta safarim doirasida ushbu Markazni borib ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu kabi loyihalar O‘zbekistonning dunyo mamlakatlari orasida mustaqil va suveren davlat sifatida muvaffaqiyatli shakllanib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Bunday tashabbuslar mamlakatning boy tarixi va madaniy merosini dunyoga yanada tanitishga xizmat qiladi.
Men O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni uzoq yillardan buyon kuzatib kelaman va o‘tgan davr ichida mamlakatda ro‘y bergan taraqqiyot meni juda hayratga soladi. O‘zbekistonning o‘ziga xos jihati shundaki, odamlari nihoyatda mehmondo‘st va samimiy, mamlakat esa juda go‘zal, boy va xilma-xil madaniyati nihoyatda maftunkor, gastronomiya imkoniyatlari esa tengi yo‘q. Shu sababli, har safar O‘zbekistonga katta mamnuniyat bilan boraman.
O‘zbekiston Germaniya iqtisodiyoti uchun juda muhim rol o‘ynaydi va yil sayin bu hamkorlikning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Fikrimcha, ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar juda ijobiy sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Germaniya kompaniyalari O‘zbekiston real sektor va sanoat tarmoqlaridagi loyihalarga tobora ko‘proq va istiqbolli sarmoya kiritmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston muhim xomashyo resurslari yetkazib beruvchi, energetika sohasida ishonchli hamkor sanaladi va, logistika markazi sifatida nemis iqtisodiyoti uchun muhim o‘rin egallamoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi tarixan qisqa muddat ichida Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng nufuzli iqtisodiy forumga aylandi. Unda Yevropa, Osiyo mintaqalari mamlakatlari qatorida Germaniyadan ham ko‘plab kompaniyalar va iqtisodiyot vakillari faol ishtirok etib kelmoqda. Forumning eng muhim jihati shundaki, u mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Mintaqaga alohida davlatlar yig‘indisi emas, balki yaxlit va o‘zaro bog‘liq iqtisodiy makon sifatida qarash lozim.
Aynan shunday yondashuv mintaqaning iqtisodiy salohiyati va investitsiyalar uchun jozibadorligini to‘liq namoyon etadi. Shu ma’noda, ushbu forum juda muhim vazifani bajarib kelmoqda. Ishonchim komilki, ushbu iqtisodiy tadbir o‘zaro muloqotni rivojlantiradi, mintaqaviy aloqalarni mustahkamlaydi va milliy sarhadlardan tashqarida ham iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston ming yilliklar davomida shakllangan boy tarixga ega va dunyo ilm-fani, madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Men ushbu mamlakatga uning ulug‘vor o‘tmishiga munosib bo‘lgan porloq va muvaffaqiyatli kelajak tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi