Xitoydan munosabat: O‘zbekiston global iqtisodiy beqarorlik sharoitida samarali integratsiya yo‘lini tanlamoqda

May 31, 2026. 10:37 • 2 daq

115
Xitoydan munosabat: O‘zbekiston global iqtisodiy beqarorlik sharoitida samarali integratsiya yo‘lini tanlamoqda

PEKIN, 31-may. /“Dunyo” AA/. Xitoydagi “Tayxe” instituti tahlilchisi Din Szyanvey “Dunyo” AA muxbiriga mamlakatimiz yetakchisining kuzatuvchi davlat rahbari maqomida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtiroki xususida fikr bildirdi:

– Fikrimcha, O‘zbekistonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan YOIIda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi asosli va uzoq muddatli maqsadlarga xizmat qiladi.

Hozirgi kunda dunyoda keng ko‘lamli beqarorliklar kuzatilmoqda, mahalliy va mintaqaviy mojarolar ko‘paymoqda, anʼanaviy ishlab chiqarish zanjirlari hamda eksport-import tizimlari izdan chiqqan. Bu holat deyarli barcha mamlakatlar iqtisodiy o‘sish surʼatlariga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Shunday sharoitda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan izchil hamkorligi muhim amaliy natijalar bermoqda. Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, tovar aylanmasi 20 milliard dollarga yetgan bo‘lib, bu jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot uchun muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi salohiyatini hisobga olgan holda, YEOII mamlakatlari bilan agrar hamkorlik dasturini kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu dastur ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari harakatini soddalashtirish hamda “yashil koridor” tizimini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Jahon iqtisodiy beqarorligi kuchaygan sharoitda Xitoy O‘zbekistonni asosiy strategik hamkor sifatida qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, joriy yil birinchi choragida mamlakatda iqtisodiy o‘sish 8,7 foizga yetgani va iqtisodiyot hajmi 37,5 milliard dollardan oshgani qayd etilmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Xitoy, YOII va boshqa asosiy hamkorlar bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish surʼatlarini oshirishga hamda 2026-yil yakunida ijobiy tashqi savdo balansini taʼminlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish