Vengriyadan munosabat: Iqtisodiyot va mintaqaviy xavfsizlik O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi muloqotning asosiy yo‘nalishlariga aylanadi

Oktabr 19, 2026. 10:30 • 2 daq

• 248
Vengriyadan munosabat: Iqtisodiyot va mintaqaviy xavfsizlik O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi muloqotning asosiy yo‘nalishlariga aylanadi

BUDAPЕSHT, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. K.Esterxazi nomidagi Katolik universitetining Britaniya va Amerika tadqiqotlari instituti katta ilmiy xodimi Zoltan Peterech “Dunyo” AAga bergan intervyusida AQSh davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekistonga bo‘lajak amaliy tashrifi haqida fikr bildirdi:

– AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Amerika ishbilarmon doiralarining nufuzli delegatsiyasi hamrohligida O‘zbekistonga kelishi Vashingtonning O‘zbekiston bilan strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga intilishi, investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligidan dalolat beradi.

Tashrifda yuz nafardan ortiq Amerika kompaniyalari vakillarining ishtirok etishi ikki tomonlama kun tartibining iqtisodiy jihatiga alohida ahamiyat bag‘ishlaydi. Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishining o‘tkazilishi hamda qator hujjatlarning imzolanishi amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlariga AQSh investitsiyalarini jalb etish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishi mumkin.

Shu bilan birga, tashrifning strategik ahamiyati ikki tomonlama iqtisodiy masalalar bilan cheklanib qolmaydi. Shu nuqtayi nazardan, Markaziy Osiyo mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqa mamlakatlari bilan siyosiy muloqotni kengaytirish borasida AQSHda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Tashrif doirasida “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvining o‘tkazilishi ham mintaqaviy masalalarni ko‘p tomonlama asosda muhokama qilishga bo‘lgan intilishni ko‘rsatadi. Ushbu format AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bilan bir qatorda, xavfsizlik, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, energetika va barqaror rivojlanish masalalarini kengroq mintaqaviy ko‘lamda ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Marko Rubioning bo‘lajak tashrifini O‘zbekiston–AQSh strategik sherikligini yanada mustahkamlash, savdo-investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish hamda dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish uchun muhim imkoniyat sifatida baholash mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish