Budapeshtdan munosabat: O‘zbekiston turli mintaqaviy formatlarga milliy va umummintaqaviy manfaatlarni ilgari surishning bir-birini to‘ldiruvchi vositalari sifatida qaraydi
Oktabr 18, 2026. 12:30 • 3 daq
• 161
BUDAPESHT, 18-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Vengriya xalqaro munosabatlar institutining yetakchi ilmiy xodimi Shandor Sheremet “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 7–9-oktyabr kunlari Turkmanistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga munosabat bildirdi.
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi Markaziy Osiyoda davom etayotgan mintaqaviy hamkorlik transformatsiyasi jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat rahbarining Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchilarining Maslahat uchrashuvi hamda MDH sammitidagi ishtiroki ko‘p tomonlama hamkorlikning turli formatlari bir-birini to‘ldirib turishini ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning to‘laqonli ishtiroki hisobiga Maslahatlashuv formati kengaygani alohida ahamiyatga ega. Mintaqa davlatlari uchun bu mamlakat Kaspiy dengizi orqali Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlariga chiqishni ta’minlovchi eng muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
Bu borada Markaziy Osiyoning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlaridan biri bo‘lgan, shuningdek, mintaqaning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashdan manfaatdor Yevropa Ittifoqi alohida o‘rin tutadi. “Global Gateway” tashabbusi orqali Yevropa Ittifoqi O‘rta yo‘lak, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Markaziy Osiyoning Ozarbayjon bilan hamkorligini chuqurlashtirish Yevropa investitsiyalarini kengaytirish va Yevropa Ittifoqi bilan uzoq muddatli o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Shu bilan birga, Ozarbayjon bilan hamkorlik asta-sekin tranzit doirasidan chiqib bormoqda. Qo‘shma investitsiya fondlari, sanoat kooperatsiyasi va “yashil” elektr energiyasi eksporti istiqbollari yanada yaqin iqtisodiy hamkorlik uchun zamin yaratmoqda. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan taklif etilgan “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasini aynan shu nuqtayi nazardan ko‘rib chiqish lozim.
Ushbu tashabbus an’anaviy o‘zaro savdodan mintaqaviy qo‘shilgan qiymat ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga o‘tishni aks ettiradi. 2027-yilda Xivada “Markaziy Osiyo – Ozarbayjon” biznes-forumini o‘tkazish va qo‘shma loyihalarni moliyaviy-texnik qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yaratish taklifi mazkur yondashuvni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan.
Toshkentning transport infratuzilmasini muvofiqlashtirish, energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, suv resurslari va o‘ta muhim minerallardan oqilona foydalanish bo‘yicha takliflari ham bundan kam bo‘lmagan ahamiyatga ega.
Mintaqaning iqtisodiy salohiyatini faqat milliy sa’y-harakatlar bilangina to‘liq ro‘yobga chiqarish mumkin emasligini anglash mintaqaviy hamkorlik ishtirokchilarini birlashtirib turadi. Ushbu tashabbuslarning samaradorligi davlatlar manfaatlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish, investitsiyalarni jalb etish va erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga bog‘liq bo‘ladi.
Tashrifning ikkinchi muhim yo‘nalishi MDH sammitida ishtirok etish bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyevning nutqi O‘zbekiston mavjud iqtisodiy aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirishdan manfaatdor ekanini namoyon etdi.
Savdo to‘siqlarini bartaraf etish, qo‘shma ishlab chiqarishni rivojlantirish, transport qoidalarini birxillashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha takliflar hamkorlikning pragmatik xususiyatga ega ekanini ta’kidlaydi. O‘zbekistonning 2027-yilda MDHga bo‘lajak raisligi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Tashrif yakunlari Toshkentning ko‘p tomonlama diplomatiya va ko‘p vektorli tashqi siyosat kun tartibiga nisbatan izchil yondashuvini aks ettiradi. O‘zbekiston turli mintaqaviy formatlarga bir-birini inkor etuvchi birlashmalar sifatida emas, balki milliy va umummintaqaviy manfaatlarni ilgari surishning bir-birini to‘ldiruvchi vositalari sifatida qaraydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi