Moskvadan munosabat: O‘zbekistonning OHIChK sammitidagi ishtiroki xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi
Oktabr 17, 2026. 17:30 • 2 daq
• 94
MOSKVA, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya davlat gumanitar universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Yuriy Sigov O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK) sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– OHIChK Osiyo qit’asi davlatlarini birlashtiruvchi nufuzli xalqaro mintaqaviy forum bo‘lib, uning asosiy vazifasi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni oshirish va Osiyo mamlakatlarining global miqyosdagi nufuzini yuksaltirishdan iborat.
O‘zbekistonning mazkur forumdagi ishtiroki rasmiy Toshkentning Osiyo muammolarini hal etishdagi rolini oshirish, mintaqadagi davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan umumiy siyosatining muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Bunday muloqot maydonlari mamlakatlarga umumiy manfaatlarni muvofiqlashtirish va dolzarb masalalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi hamda sheriklik aloqalarining izchil rivojlanishini alohida qayd etgan bo‘lardim. Ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqotning faollashuvi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, savdo aloqalarini rivojlantirish va transport-logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun muhim zamin yaratmoqda.
Dengizga bevosita chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Yaqin Sharq, Janubiy Kavkaz, Turkiya va ular orqali Yevropa bozorlari bilan iqtisodiyotni bog‘laydigan tranzit yo‘laklarini yo‘lga qo‘yishda Bokuga muhim sherik sifatida qaraydi. Shu nuqtai nazardan, Ozarbayjon bilan hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish, eksport yo‘nalishlarini kengaytirish va mintaqalararo transport bog‘liqligini kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston bugun Markaziy Osiyo kelajagini belgilab beruvchi ko‘plab jarayonlar markazida turibdi. Uning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon bilan munosabatlari tobora chambarchas bog‘lanib bormoqda.
Bu mintaqaviy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochib, iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, transport yo‘laklarini rivojlantirish va davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi