O‘zbekiston bosh konsuli Qirg‘iziston Xalq deputatlari O‘sh shahar kengashi spikeri bilan uchrashuv o‘tkazdi
May 21, 2026. 12:25 • 2 daq
• 142O‘Sh, 21-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Zafarbek Axmedov Qirg‘iziston Xalq deputatlari O‘sh shahar kengashi spikeri Bolot Bayetov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘sh shahar kengashi deputatlari Ernest Kojoyev, Jamal Ormonova, Beksultan Usonov, Ilxom Karimov, Abdulla Aytmatov, Kozimjon Alimov, Qirg‘iziston TIV vakili Argen Berdiyev hamda mamlakatimizning O‘sh shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yana-da mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish hamda bir qator loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi samarali hamkorlik aloqalari xususida fikr almashildi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ochiq va konstruktiv siyosat mintaqa barqarorligi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani eʼtirof etildi.
O‘sh shahar kengashi spikeri Bolot Bayetov O‘zbekiston bilan azaliy do‘stlik rishtalari mavjudligini taʼkidlab, bu aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun keng imkoniyatlar mavjud ekanini bildirdi.
Shuningdek, muloqot chog‘ida Namangan viloyatida o‘tkaziladigan 65-Xalqaro gullar festivalida O‘sh shahar kengashi vakillarining ham qatnashishi maʼlum qilindi.
Ernest Kojoyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari tobora kengaymoqda. Iqtisodiy rivojlanish mexanizmlarini joriy etishda qirg‘iz hukumatining qardosh o‘zbek xalqidan o‘rnak olishga arziydigan tajribasi mavjud.
Suhbat davomida chegaradosh hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, qo‘shma biznes forumlari va investitsiyaviy hamkorlikka bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari ham muhokama qilindi.
Madaniy tadbirlar, festivallar va yoshlar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish orqali ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlikni yana-da mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.
O‘zbekiston diplomatlari chegaraoldi hududlar o‘rtasidagi savdo aylanmasini oshirish hamda turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini bildirdi. Ayniqsa, madaniy meros obyektlari va tarixiy shaharlar o‘rtasidagi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish har ikki mamlakat iqtisodiyoti uchun foydali bo‘lishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash, tarmoqlararo qo‘shimcha muloqot platformalarini yaratish hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Qozog‘iston mintaqada birinchi bo‘lib sunʼiy yomg‘ir texnologiyasini amaliyotga joriy etdi





