“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

Avgust 07, 2026. 19:00 • 3 daq

88
“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

KOLOMBO, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va maʼrifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda maʼnaviy-maʼrifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida eʼtirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, taʼlim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy anʼanalarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.

Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, maʼnaviy va intellektual taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy taʼlim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam maʼnaviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.

Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Musʼhafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yana-da oshiradi.

Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Gazetada O‘zbekistonning YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish