Rossiyadan munosabat: O‘zbekiston diplomatiyasi mintaqaviy barqarorlik va strategik sheriklik sari dadil ildamlamoqda

Oktabr 17, 2026. 15:00 • 2 daq

• 13
Rossiyadan munosabat: O‘zbekiston diplomatiyasi mintaqaviy barqarorlik va strategik sheriklik sari dadil ildamlamoqda

SANK-PETERBURG, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti O‘zbek madaniyat markazi direktori Asel RashidovaO‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi va OHIChK sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi Toshkentning ko‘p vektorli diplomatiyasini izchil rivojlantirish va ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda eng muhim bosqichni anglatadi.

O‘zbekiston yetakchisining Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK) sammitidagi nutqi va oliy darajadagi qator ikki tomonlama muzokaralarning o‘tkazilishi tashrifning asosiy qismini tashkil etadi.

Tarixiy Boku deklaratsiyasi hamda davlatlararo bitimlar to‘plamining imzolanishi ko‘p qirrali hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini institusional asosga qo‘yishga qaratilgan. Ushbu qadam nafaqat O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining tub milliy manfaatlariga javob beradi, balki mamlakatlarning xavfsizlik bo‘linmasligi va birgalikdagi taraqqiyot tamoyillariga sodiqligini namoyish etadi.

Mazkur tashrif Toshkentning Markaziy Osiyoni mustahkam tinchlik, barqarorlik va izchil farovonlik hududiga aylantirish borasidagi keng ko‘lamli hamda tizimli sa’y-harakatlari doirasida alohida geosiyosiy ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Prezidenti OHIChK sammitida mintaqani yagona va bo‘linmas xavfsizlik makoni sifatida ko‘rishga asoslangan strategik tashabbuslarni ilgari surdi. O‘zbekistonning faol diplomatik tashabbuslari transchegaraviy xavf-xatarlarga mintaqaviy darajada hamjihatlik bilan javob qaytarish, tranzit-logistika salohiyatini uyg‘unlashtirish hamda Markaziy Osiyoni global bozorlar bilan bog‘lovchi iqtisodiy yo‘laklarni barpo etishga qaratilgan.

Bu rasmiy Toshkentning mintaqaviy barqarorlikning asosiy bunyodkori va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan integratsiyaning harakatlantiruvchi kuchi sifatidagi maqomini mustahkamlaydi.

Markazimiz uchun bunday keng ko‘lamli siyosiy o‘zgarishlar muhim yo‘nalish va qadriyatlar asosi sifatida qadrlanadi. Oliy darajadagi davlatlararo muloqotning faollashuvi O‘zbekistonning betakror madaniy-tarixiy merosi, tili va an’analarini ilmiy jihatdan anglash, asrab-avaylash hamda keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘lgan oliy maqsadimizni ro‘yobga chiqarish uchun qulay zamin yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish