Yekaterinburgda vatandoshlar va talaba yoshlar uchun “Ehson dasturxoni” yozildi

May 31, 2026. 15:30 • 2 daq

97
Yekaterinburgda vatandoshlar va talaba yoshlar uchun “Ehson dasturxoni” yozildi
Yekaterinburgda vatandoshlar va talaba yoshlar uchun “Ehson dasturxoni” yozildi
Yekaterinburgda vatandoshlar va talaba yoshlar uchun “Ehson dasturxoni” yozildi

YEKATERINBURG, 31-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan Sverdlovsk viloyatida vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar uchun muborak Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya “Ehson dasturxoni” tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirni ochib bergan Bosh konsul Jahongir Parmanov yig‘ilganlarni qutlug‘ ayyom bilan tabriklab, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xorijdagi yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak eʼtibor va g‘amxo‘rlik haqida so‘zladi. Vakolatxona xodimlari tomonidan yig‘ilganlarga yurtimizda xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Uchrashuvda Sverdlovsk viloyatidagi masjid imomi o‘rinbosari Ilhomjon Hayitov ishtirok etib, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati xususida maʼruza qildi. U yoshlar bilan mazmunli profilaktika suhbati o‘tkazib, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, yosh avlodni turli salbiy oqimlar taʼsiridan asrash hamda musofirlikda o‘zbek xalqining shaʼni va qadr-qimmatini hamisha baland tutish zarurligini alohida taʼkidladi.

Fayzli bayram dasturxoni atrofida jam bo‘lgan hamyurtlarimizga o‘zbek milliy taomlari va bayram palovi tortiq qilindi. Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng, Ural davlat konchilik universiteti talabasi Alijon Meyliyev hamda Yekaterinburgda mehnat qilayotgan Dilorom Rajapova o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, qaysi mamlakatda bo‘lishmasin, ularni bir bayroq ostida birlashtirayotgan davlat rahbariga cheksiz minnatdorliklarini izhor etdilar.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan xayriya tadbiri yakunida milliy qadriyatlarimizga xos tarzda vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz omonligini tilab ezgu duolar qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish