Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar uchun “Ehson dasturxoni” tashkil etildi

May 28, 2026. 11:07 • 3 daq

207
Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar uchun “Ehson dasturxoni” tashkil etildi
Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar uchun “Ehson dasturxoni” tashkil etildi
Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar uchun “Ehson dasturxoni” tashkil etildi
Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar uchun “Ehson dasturxoni” tashkil etildi
Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar uchun “Ehson dasturxoni” tashkil etildi
Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar uchun “Ehson dasturxoni” tashkil etildi
Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar uchun “Ehson dasturxoni” tashkil etildi
Kuala-Lumpurda Malayziyadagi vatandoshlar uchun “Ehson dasturxoni” tashkil etildi

KUALA-LUMPUR, 28-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Malayziya poytaxtida ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar uchun muborak Qurbon hayiti munosabati bilan “Ehson dasturxoni” yozildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning elchixonasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir ochiq muloqot shaklida va nihoyatda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Unda xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilar, talabalar, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Kuala-Lumpurdagi vakillari hamda akademik sohada mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ishtirok etdilar.

Tadbirni elchi Karomiddin Gadoyev ochib berib, yig‘ilganlarni islom olamining ulug‘ ayyomi bilan qutladi va respublika rahbariyatining qizg‘in tabriklarini yetkazdi. Elchi o‘z nutqida Davlat rahbari tashabbusi bilan xorijdagi vatandoshlarni, ayniqsa yetilayotgan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini alohida taʼkidladi. Diplomatlar va vatandoshlar o‘rtasida kechgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan o‘zbek yoshlari ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, kelajakda olgan bilim va ko‘nikmalarini Vatan ravnaqi yo‘lida safarbar etishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.

Ko‘tarinki va do‘stona ruhda o‘tgan marosim yakunida milliy qadriyatlarimizga xos tarzda Qurʼon tilovat qilinib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda ikki tomonlama hamkorlik rivoji uchun ezgu duolar qilindi.

Doniyor Abdusamadov, Malayziyaning UCSI universiteti 2-bosqich talabasi:

- Bugun muqaddas Qurbon xayiti munosabati bilan O‘zbekistonning Malayziyadagi Elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ehson dasturxonida qatnashdim. Bu yerda turli sohalar bo‘yicha taʼlim olayotgan ko‘plab yurtdoshlar bilan tanishdim va ular bilan fikr almashdim. Tadbir doirasida juda samimiy suhbatlar bo‘ldi.

Men moliya sohasida taʼlim olayotganim sababli kelajakda o‘qishlarni bitirgandan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, ushbu sohaga va yurtimizga manfaati tegadigan mutaxassis bo‘lishni reja qildim.

Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarni islom olamining eng ulug‘ ayyomi — Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Muxsina Maksumova, “Xiamen” universiteti 1-bosqich talabasi, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Malayziyadagi koordinatori:

- Bugun Kuala-Lumpur shahrida Qurbon xayiti munosabati bilan tashkil etilgan ehson dasturxoniga tashrif buyurdik. Tadbir doirasida ko‘plab o‘zbek talabalari va vatandoshlar bilan tanishdik. O‘zaro qiziqtirgan masalalar yuzasidan suhbatlashdik.

Bu kabi tadbirlar biz yoshlarni birlashtiradi. Biz yoshlarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik va eʼtibor uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Malayziyadagi o‘qish davomida olgan bilimlarimni va ko‘nikmalarimni kelajakda O‘zbekistonga qaytib, mamlakatimiz rivoji uchun qo‘llash niyatidaman.

Ushbu tadbirni tashkil etgan barcha masʼullarga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Saidolimxon Baxodirov, Malayziyadagi Osiyo-tinch okeani texnologiya va innovatsiya universitetida kiberxavfsizlik yo‘nalishi talabasi:

- Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qurbon xayiti munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda qatnashganimdan xursandman.

Biz yoshlarga ko‘rsatilayotgan eʼtibordan juda mamnunmiz. Tadbir tashkilotchilariga o‘z tashakkurimizni bildiramiz. O‘z tengdoshlarimga taqdim etilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, chuqur bilim olib, kelajakda O‘zbekistonimiz ravnaqi uchun o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirib qolaman. O‘zim ham kelajakda mamlakatimiz rivoji uchun yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirishda hissa qo‘shishga tayyorman.

Barchangizni muqaddas Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish