AQSHning ko‘plab shaharlarida Qurbon hayiti munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazildi
May 28, 2026. 16:30 • 1 daq
• 71NYU-YORK, 28-may. /“Dunyo” AA/. AQSHning bir qator shaharlarida Qurbon hayiti keng nishonlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Nyu-York, Nyu-Jersi, Filadelfiya, Sinsinnati, Chikago va mamlakatning boshqa shaharlarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Imom-xatiblar o‘z chiqishlarida o‘zaro hurmat, muhtojlarga ko‘maklashish, maʼnaviy qadriyatlarni asrash, oilaviy totuvlikni mustahkamlash hamda yosh avlodni milliy anʼanalar ruhida tarbiyalash muhimligini alohida taʼkidladilar.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Qo‘shma Shtatlardagi o‘zbek jamoasi orasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, hamjihatlik muhiti hamda madaniy-maʼnaviy qadriyatlarni saqlashga intilish mustahkamlanib bormoqda.
Tadbirlar O‘zbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida, shuningdek, o‘zbek diaspora tashkilotlari, mahalliy jamoalar vakillari va masjid faollari ishtirokida tashkil etildi.
Hayit namozlaridan so‘ng vatandoshlar uchun dasturxonlar yozilib, xayriya ehsonlari ulashildi va do‘stona uchrashuvlar o‘tkazildi.
Bayram tadbirlari samimiy va do‘stona ruhda o‘tib, AQSHdagi o‘zbek diasporasining jipslashayotgani hamda milliy anʼanalar va maʼnaviy merosni asrashga intilayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






