O’zbekiston delegatsiyasi Tokiodagi vatandoshlar bilan uchrashuv o’tkazdi

May 28, 2026. 19:25 • 2 daq

75
O’zbekiston delegatsiyasi Tokiodagi vatandoshlar bilan uchrashuv o’tkazdi

TOKIO, 28-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori doirasida joriy yil 27-may kuni O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida xayriya tadbiri bo’lib o’tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev, Yaponiyadagi elchimiz Muhsinxo‘ja Abdurahmonov va 30 ga yaqin Yaponiyada faoliyat olib borayotgan va ta’lim olayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular bilan yaqin aloqalarni mustahkamlash, milliy qadriyatlar va hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi vatandoshlar uchun yaratilgan qulayliklar, jumladan, konsullik xizmatlarini takomillashtirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va huquq hamda manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida Yaponiya kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan mamlakatimizga investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, qo‘shma loyihalarni rivojlantirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, vatandoshlar bilan ochiq muloqot tashkil qilinib, ularning fikr va takliflari eshitildi hamda qiziqtirgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish