Qadimiy Toledo shahrida taniqli ispan yozuvchisining “Temur uchun uch lochin” romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi
May 25, 2026. 16:25 • 3 daq
• 76TOLEDO, 25-may. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning qadimiy Toledo shahrida taniqli ispan yozuvchisi Xesus Sanches Adalidning “Temur uchun uch lochin” asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda ushbu davlatdagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy doiralari vakillari jam bo‘ldi.
Taqdimotda Toledo arxiyepiskopi, Ispaniya qirollik oilasining uzoq qarindoshi Fransisko Serro Chaves, shahar meriyasi vakillari, Qirollik saroyining bosh lochinchisi Antonio de Kastro Garsiya de Texada, shuningdek, o‘z lochinlari bilan tashrif buyurgan kichik lochinchilar ishtirok etib, tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Tantanali marosim harbiy musiqa va tabrik nutqlari bilan boshlandi. Shundan so‘ng, mehmonlar 1180-yilda barpo etilgan, bugungi kunda katolik cherkovi sifatida faoliyat yuritayotgan tarixiy binoga tashrif buyurdi. Tadbir o‘tkazilgan maskan ramziy maʼnoga ega bo‘lib, u Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy aloqalarni yana bir bor namoyon etdi.
Taqdimot chog‘ida Xesus Sanches Adalid asarning yaratilish tarixi, O‘zbekistonga safari davomida olgan taassurotlari hamda o‘zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi haqida batafsil so‘z yuritdi. Uning taʼkidlashicha, Samarqand, Buxoro va mamlakatning boshqa tarixiy shaharlariga qilgan safarlari roman g‘oyasining shakllanishida muhim o‘rin tutgan.
Muallif romanni yozish g‘oyasi 2024-yilda O‘zbekistonga tashrifidan keyin paydo bo‘lganini maʼlum qildi. U safar davomida birlamchi tarixiy manbalar, Yevropa yilnomalari hamda o‘sha davr diplomatik yozuvlarini chuqur o‘rganganini aytdi.
Asar syujetida Kastiliya qiroli Genrix III tomonidan Amir Temur saroyiga yuborilgan elchilar safari tasvirlanadi. Ular Sohibqiron saroyiga qimmatbaho sovg‘a – uchta qirol lochinini olib keladi. Voqealar markazida esa ushbu elchilikka hamroh bo‘lgan yosh lochinchi shogirdi Alvarenning sarguzashtlari turadi.
Sanches Adalidning taʼkidlashicha, “Temur uchun uch lochin” romani XV asr tarixiy manbalariga, ayniqsa, kastiliyalik diplomat Rui Gonsales de Klavixoning “Amir Temur huzuriga elchilik” xotiralariga asoslangan. Asarda nafaqat tarixiy voqealar, balki ikki sivilizatsiya o‘rtasidagi madaniy va siyosiy munosabatlar ham keng yoritilgan.
Muallifning fikricha, roman Sharq va Yevropa o‘rtasidagi madaniy muloqot g‘oyasini ilgari suradi. Bu muloqot asrlar davomida shakllangan bo‘lib, bugungi globallashuv davrida ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Yozuvchi Amir Temur jahon tarixida ulkan imperiya barpo etgan, Samarqandni esa o‘z davrining yirik ilm-fan va madaniyat markazlaridan biriga aylantirgan davlat arbobi sifatida alohida o‘rin tutishini qayd etgan. Shuningdek, u bugungi kunda xalqaro ilmiy va madaniy doiralarda Temuriylar merosiga qiziqish ortib borayotganini eʼtirof qildi.
Tadbir davomida kelgusidagi madaniy hamkorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xesus Sanches Adalid O‘zbekistonga yana tashrif buyurish istagini bildirdi. Shu bilan birga, u “Temur uchun uch lochin” asarini ekranlashtirish va uning asosida badiiy film suratga olish rejalari mavjudligini maʼlum qildi. Muallifning fikricha, O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, qadimiy shaharlar meʼmorchiligi va Amir Temur siymosi xalqaro kinematografiya uchun katta qiziqish uyg‘otadi.
Shuningdek, yozuvchi kelgusida Mirzo Ulug‘bek shaxsi hamda Temuriylar davrining ilm-fan va madaniyat sohasidagi yuksalishiga bag‘ishlangan yangi tarixiy roman ustida ish olib borayotganini maʼlum qildi.
Tadbir ishtirokchilari mazkur taqdimot nafaqat muhim madaniy voqea, balki O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni yana-da mustahkamlash, mamlakatimizning boy tarixiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish hamda ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro qiziqishni kuchaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Pokistonda xudkush-terrorchining poyezdni portlatishi oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘ldi






