Moskvada “O‘zbekistonga sayohat” nomli xayriya tadbiri tashkil etildi
May 25, 2026. 17:25 • 2 daq
• 11MOSKVA, 25-may /“Dunyo” AA/. “Moskvaning 850 yilligi” istirohat bog‘ida imkoniyati cheklangan bolalar uchun “O‘zbekistonga sayohat” nomli xayriya tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”AA muxbiri.
Mazkur tadbir mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.
Xayriya tadbirida imkoniyati cheklangan bolalarni tarbiyalayotgan 60 ga yaqin oila jam bo‘ldi. Mehmonlar uchun yurtimiz sanʼati, qadriyatlari, milliy oshxonasi va mehmondo‘stlik anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkonini beruvchi rang-barang madaniy-maʼrifiy dasturlar namoyish etildi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekistonning madaniy, tarixiy va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ham tashkil qilindi. Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar yurtimizning qadimiy shaharlari, meʼmorchilik obidalari, milliy hunarmandchilik maktablari, urf-odatlari va zamonaviy turizm imkoniyatlari haqidagi targ‘ibot materiallari va bukletlar bilan yaqindan tanishdi.
Bolajonlar uchun qiziqarli mahorat darslari, ijodiy mashg‘ulotlar va animatsion shou dasturlaridan iborat ko‘ngilochar maydoncha tashkil etildi. Kichkintoylar interfaol o‘yinlar va tanlovlarda katta qiziqish bilan ishtirok etib, o‘zbek xalq ijodiyoti namunalaridan bahramand bo‘ldi.
Tadbirning eng hayajonli voqealaridan biri – milliy anʼanalar asosida ulkan qozonda o‘zbek palovining damlanishi bo‘ldi. Sharqona mehmondo‘stlik va xalqlar do‘stligi ramziga aylangan ushbu milliy taom festival qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.
Mazkur xayriya aksiyasining o‘tkazilishi O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da mustahkamlashga hissa qo‘shdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi










