Novosibirskda vatandoshlar uchun Kurbon hayiti munosabati bilan “Ehson dasturxoni” tashkil etildi
May 31, 2026. 10:57 • 2 daq
• 78NOVOSIBIRSK, 31-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi hamda “Yevraziya-Sibir” o‘zbek Ulgurji-taqsimlash markazi bilan hamkorlikda muborak Qurbon hayiti bayramiga bag‘ishlangan xayriya “Ehson dasturxoni” tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu bayramona tadbirda Rossiyaning mazkur hududida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdilar. Qayd etish joizki, bundan bir kun avval, hayit namazidan so‘ng, markaz hududida ushbu majmuada mehnat qilayotgan, shuningdek, uzoq masofalarga qatnovchi yuk mashinalari haydovchilari, sotuvchilar va ishchilardan iborat yurtdoshlarimiz uchun maxsus bayram palovi damlanib, tarqatildi.
Uchrashuv davomida Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan O‘zbekiston davlat idoralari xorijdagi fuqarolarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda hamisha shay ekanligi alohida taʼkidlandi. Novosibirsk shahrida bo‘lib turgan vatandoshlarimizning ish faoliyati va yashash sharoitlari bilan bog‘liq har qanday masalalarni ijobiy hal etishda konsullik vakolatxonasi bundan keyin ham yaqindan amaliy yordam ko‘rsatishda davom etishi qayd etildi.
Bayram munosabati bilan bir dasturxon atrofida jam bo‘lgan hamyurtlarimiz musofirlikda yurgan barcha o‘zbekistonliklarga ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlik va samimiy eʼtibor uchun Davlatimiz rahbariga o‘zlarining chuqur minnatdorchiliklarini izhor etib, yurtimizga qut-baraka va omonlik tiladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






