Vladivostokdagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga hayit dasturxoni yozildi
May 29, 2026. 11:40 • 2 daq
• 93VLADIVOSTOK, 29-may. /“Dunyo” AA/. Qurbon hayiti munosabati bilan Primorsk o‘lkasidagi “D5 Injiniring” qurilish korxonasida mehnat qilayotgan yuzdan ortiq vatandoshlar uchun ehson dasturxoni yozildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir yurtimizning Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasi hamda ish beruvchi korxona rahbariyati hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida konsullik muassasasi diplomatlari so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni mehr-oqibat, saxovat va bag‘rikenglik ramzi bo‘lgan muborak Qurbon hayiti bilan samimiy tabrikladi. Davlatimiz rahbarining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida” qarori mazmun-mohiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Hamyurtlarga Bosh konsulxona tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Suhbat chog‘ida Rossiya–Ukraina mojarosi bilan bog‘liq vaziyatlarga aralashmaslik muhimligi alohida taʼkidlandi.
Bundan tashqari, yoshlar orasida diniy ekstremistik g‘oyalar taʼsiriga tushish va narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga jalb etilish holatlari ortib borayotgani haqida ogohlantirilib, bunday salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, xavfsiz mehnat migratsiyasini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ham maʼlumotlar berildi. Shu bilan birga, mazkur sohaga oid so‘nggi qaror va farmonlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir yakunida mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari va osh tortiq qilindi. Yurtdoshlar o‘zlariga ko‘rsatilgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik uchun Bosh konsulxona hamda korxona rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







