BMTda O‘zbekistonning suv resurslaridan foydalanish tajribasi eng yaxshi amaliyotlar qatoriga kiritildi
Iyul 10, 2026. 16:00 • 3 daq
• 129NYU-YORK, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. BMTda Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-maqsadi – Barchani toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va munosib sanitariya sharoitlari yaratish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir doirasida davlatlarning toza suv va sanitariya sohasidagi taklif va tashabbuslaridan iborat to‘plami taqdim etildi. Xususan, Xitoy va San-Tome va Prinsipi davlatlari tajribalari qatorida O‘zbekistonning milliy keysi ham eng yaxshi xalqaro amaliyotlar ro‘yxatidan joy oldi. Taqdim etilgan ushbu tashabbuslarda suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha davlatlarning ilg‘or yondashuvlari aks ettirilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi Prezident Administratsiyasi rahbarining suv taʼminoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Timur Butunbayev boshchiligida suv resurslarini boshqarish, aholini xavfsiz ichimlik suvi bilan taʼminlash, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlarida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va amaliy natijalarni namoyish qildi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda davlat rahbari boshchiligida suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatda suv xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli institutsional va qonunchilik islohotlari olib borilmoqda. Xususan, Suv xo‘jaligi vazirligi tashkil etildi, yangi Suv kodeksi qabul qilindi, 2030-yilgacha suv xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi hayotga tatbiq etilmoqda.
Yurtimizda suvni tejash sohasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Agar 2017-yilgacha zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar sug‘oriladigan yerlarning 1 foizidan kam qismida qo‘llanilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib mazkur texnologiyalar 2,6 million gektardan ortiq maydonni yoki mamlakatdagi jami sug‘oriladigan yerlarning 60 foizidan ko‘prog‘ini qamrab olgan. 2030-yilga qadar ularni barcha sug‘oriladigan maydonlarda joriy etish rejalashtirilgan.
Sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, raqamli yechimlarni joriy etish va boshqaruv samaradorligini oshirish hisobiga hozirning o‘zida har yili qariyb 11 milliard kub metr suv resurslari tejalmoqda. 2030-yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 15 milliard kub metrga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish borasidagi boshqa yutuqlari haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Barqaror rivojlanish yechimlarini ishlab chiqish tarmog‘i (SDSN) tomonidan tayyorlangan 2025-yilgi BRM hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston jahon reytingida 62-o‘ringa ko‘tarilib, o‘z pozitsiyasini birdaniga 19 pog‘onaga yaxshilagan. Shu tariqa yurtimiz Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari orasida BRMga erishish borasida eng yuqori surʼatlarda taraqqiy etayotgan davlat sifatida eʼtirof etildi.
2027-yildan boshlab O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilishni boshlashi qayd etildi. Mazkur davrda mamlakat suv, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda qo‘shma mintaqaviy loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratadi.
Shuningdek, suv xo‘jaligi sohasida kadrlar salohiyatini rivojlantirish borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar ham taqdim etildi. Xususan, ayni paytda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 16 ta davlatdan kelgan mutaxassislar tayyorlanmoqda.
2025–2026-yillarda O‘zbekistonda qator yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, “Tashkent Water Week” xalqaro suv forumi yuksak saviyada tashkil etildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil oxirida Samarqand shahrida Suv resurslarini asrash bo‘yicha Butunjahon forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


