Antoniu Guterrish: Sayyoramiz misli ko‘rilmagan jaziramaga duch kelmoqda

68
Antoniu Guterrish: Sayyoramiz misli ko‘rilmagan jaziramaga duch kelmoqda

NYU-YORK, 2-avgust. /“Dunyo” AA/. Sayyoramiz misli ko‘rilmagan jaziramaga duch kelmoqda, kuchayib borayotgan El-Nino hodisasi yaqin orada haroratning oshishi bo‘yicha yangi rekordlarga sabab bo‘lishi mumkin, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

BMT yangiliklar portali ma’lumotiga ko‘ra, bu haqda Bosh kotib Antoniu Guterrish ma’lum qilgan. U hukumatlarni aholini himoya qilish choralarini tezlashtirishga, qazilma yoqilg‘idan foydalanishdan voz kechishga chaqirdi.

“Biz allaqachon ekstremal ob-havo hodisalari kuzatilgan yozni boshdan kechirdik: rekord darajadagi anomal issiqlik to‘lqinlari, Ispaniya, Fransiya va ulardan ancha uzoqda avj olgan dahshatli o‘rmon yong‘inlari hamda bu holdan toydiruvchi jazirama tufayli minglab insonlar halok bo‘ldi”, – dedi BMT Bosh kotibi Nyu-Yorkdagi nutqida.

“Iyun va iyul oylarida Jahon okeani sathi harorati rekord ko‘rsatkichga yetdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu hali boshlanishi, xolos. Jahon meteorologiya tashkiloti e’lon qilgan yangi prognozlar avgustdan oktyabrgacha bo‘lgan davrda ham havo harorati me’yordan ancha yuqori bo‘lishini qayd etdi”, – deya ta’kidladi Antoniu Guterrish.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oktyabr oyiga qadar deyarli butun quruqlikda havo harorati iqlimiy me’yordan yuqori bo‘ladi. BMT Bosh kotibining fikricha, El-Nino nafaqat haroratga, balki yog‘ingarchilik miqdoriga ham ta’sir qilishi mumkin. Hindistonda musson yomg‘irlari mavsumi allaqachon odatdagidan ancha zaif kechmoqda va tahlillar mintaqadagi vaziyatning yanada yomonlashishidan dalolat bermoqda.

BMT rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ekstremal jazirama uzoq vaqtdan beri “sezilmas qotil” deb hisoblanib kelinadi, ammo bu ta’rif ham muammo ko‘lamini to‘liq aks ettirmaydi. Chunki yuqori harorat ta’sirida yuz bergan o‘lim holatlarining aksariyati rasman hisobga olinmaydi.

BMT Bosh kotibi sa’y-harakatlarni to‘rt yo‘nalishga qaratishga chaqirdi: harakat rejalari va barvaqt ogohlantirish tizimlari orqali aholini himoya qilish, xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash, shaharlar va infratuzilmani ekstremal jaziramaga moslashtirish hamda iqlim inqirozining asosiy sababini bartaraf etish.

Prognozlarga ko‘ra, asosiy kuzatuv hududlarida dengiz sathi o‘rtacha haroratining mavsumiy anomaliyalari Selsiy bo‘yicha 2,9 darajadan oshishi kutilmoqda. Bundan tashqari, ijobiy Hind okeani dipoli (Hind okeanining g‘arbiy qismida iqlim rejimi o‘rtachadan iliqroq, sharqiy qismida esa sovuqroq bo‘ladi) prognoz qilinmoqda.

Bu omillar qo‘shilib, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va o‘rmon yong‘inlari kabi hodisalarni kuchaytirishi mumkin. Atlantika okeanining tropik zonasida ham dengiz sathi harorati o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Yer shari quruqligining aksariyat qismida haroratning o‘rtacha ko‘rsatkichdan oshib ketish ehtimoli yuqori. Bu tendensiyaning eng yaqqol belgilari butun Afrika, Yevropaning janubiy qismi, Arabiston yarim oroli, Hindiston yarim oroli, Sharqiy Osiyo, Markaziy Amerika, Karib havzasi, Janubiy Amerikaning katta qismi va Yangi Zelandiyada kuzatilmoqda.

2026-yilning avgust–oktyabr oylarida Afrikadagi Somali yarimoroli, Markaziy Osiyoning ayrim hududlari, Janubiy Yevropa, Shimoliy Amerikaning g‘arbiy qismi hamda Janubiy Amerikaning janubi-sharqida odatdagidan namgarchilik ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.

Aksincha, Hindiston yarim oroli, Avstraliyaning janubi-sharqi, Markaziy Amerikaning janubi, Karib havzasining ayrim hududlari, Janubiy Amerikaning shimoli-g‘arbiy qismi va Shimoliy Yevropada odatdagidan quruqroq ob-havo kuzatilishi ehtimoli yuqoriroq.

BMT portalidan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish