Abu-Dabida BAAning yetakchi kompaniyasi bilan Namanganda oqova suvlarni tozalash inshootlarini qurish masalalari muhokama qilindi
Iyun 26, 2026. 17:00 • 2 daq
• 88
ABU-DABI, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. BAAning suv taʼminoti va oqova suvlarni qayta ishlash yo‘nalishidagi yetakchi tuzilmalaridan biri – “Metito” kompaniyasi bosh direktori Rami G‘andur bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish va sohaga ilg‘or xorijiy texnologiyalarni faol jalb etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, kompaniya tomonidan davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida Namangan viloyatida zamonaviy oqova suvlarni tozalash inshootini qurish loyihasining bugungi holati va uni amalga oshirishning keyingi bosqichlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ushbu loyihaning Farg‘ona vodiysida ekologik barqarorlikni taʼminlash, suv resurslaridan tejamkor va samarali foydalanish, aholi va sanoat korxonalarini zamonaviy kommunal xizmatlar bilan taʼminlashdagi ahamiyatini alohida eʼtirof etdi.
Suhbat davomida oqova suvlarni tozalash va qayta ishlash sohasida jahonning eng ilg‘or tajribalarini joriy etish, yangi muhandislik yechimlaridan foydalanish hamda O‘zbekiston hududlarida suv infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi