“Pakistan Today” gazetasi: O‘zbekiston–AQSH madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda yangi tashabbus va loyihalarni amalga oshirmoqda

Avgust 02, 2026. 13:30 • 3 daq

55
“Pakistan Today” gazetasi: O‘zbekiston–AQSH madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda yangi tashabbus va loyihalarni amalga oshirmoqda

TOSHKENT, 2-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Pakistan Today” gazetasida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekistonning ochiq va o‘zaro manfaatli tashqi siyosati natijasida xalqaro madaniy aloqalar sezilarli darajada kengaydi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan madaniy diplomatiyaning tashqi siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanishi mamlakatning xalqaro madaniy maydonda munosib o‘rin egallashiga zamin yaratdi.

O‘zbekiston–AQSH o‘rtasidagi madaniy hamkorlik alohida muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida madaniyat, ta’lim, ilmiy almashinuv, madaniy merosni asrash va rivojlantirish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik o‘zaro munosabatlarning ajralmas qismiga aylandi.

2017-yildan boshlab O‘zbekiston–AQSH o‘rtasidagi madaniy aloqalar muttasil faollashdi. Xususan, Toshkentda amerikalik dirijyorlar, musiqachilar va professorlar ishtirokida o‘tkazilgan konsertlar hamda mahorat darslari ikki mamlakat musiqiy maktablari o‘rtasida tajriba almashinuvining yangi sahifasini ochdi. Shuningdek, Samarqandda bo‘lib o‘tgan XI xalqaro “Sharq taronalari” festivalida AQSHning “Gina Chavez Band” jamoasi faol ishtirok etdi.

Nashrda O‘zbekiston–AQSH madaniy hamkorligining yana bir muhim yo‘nalishi sifatida ta’lim sohasidagi aloqalar e’tirof etilgan.

“2017-yilda Michigan davlat universiteti Musiqa kolleji pedagoglari O‘zbekiston davlat konservatoriyasida mahorat darslarini o‘tkazdi. 2022-yilda esa R.Glier nomidagi ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi bilan Minnesota shtatidagi Bemidji State University o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu yosh san’atkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi”, – deya qayd etilgan materialda.

Maqolada 2019-yilda AQSH tomonidan ajratilgan 150 ming AQSH dollari miqdoridagi davlat granti hisobiga Xivada joylashgan Toshhovli saroyini restavratsiya qilish ishlari boshlangani haqida xabar berilgan.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda Xiva shahrida o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Namanganda YUNESKO va AYSESKO shafeligida tashkil etilgan III Xalqaro maqom san’ati anjumanida AQSH vakillarining ishtirok etishi milliy nomoddiy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga xizmat qildi.

Joriy yilda ana shunday muhim uchrashuvlardan biri – Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH madaniyat vazirlarining uchrashuvi Toshkentda tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda tomonlar ijodiy sanoat, raqamli loyihalarni rivojlantirish, kasbiy tajriba almashish, shuningdek, kino, teatr, adabiyot va musiqa sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish