FAOda “Ona yer nidosi” nomli o‘zbek hujjatli filmi namoyish qilindi
Dekabr 10, 2025. 10:44 • 2 daq
• 193RIM, 10-dekabr. /“Dunyo” AA/. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAOda 5-dekabr – Butunjahon tuproq kuni munosabati bilan “Ona yer nidosi” nomli o‘zbek hujjatli filmi namoyishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur uchrashuv O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Xalqaro tuproq jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda 100 ga yaqin ishtirokchi, jumladan, film mualliflari, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Xalqaro tuproq jamg‘armasi, FAO bosh direktori maslahatchisi va Toshkentdagi vakolatxonasi vakillari, Rimdagi elchixonalar delegatsiyalari va Italiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar qatnashdi.
Tadbirning ochilish qismida O‘zbekiston elchisi “Ona yer nidosi” filmi haqida gapirib, ushbu ijod namunasida iqlim o‘zgarishi va oziq-ovqat xavfsizligi sharoitida tuproq resurslarining ahamiyatiga eʼtibor qaratilganini taʼkidladi.
Filmda mamlakatimizning tuproq xilma-xilligi, barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlari hamda FAO loyihalaridagi ilg‘or tuproq muhofazasi texnologiyalari namoyish etilgan.
Mazkur film namoyishi va u bilan bog‘liq tadbir tomoshabinlar tomonidan yuqori baholandi. Tadbir ishtirokchilari fikriga ko‘ra, FAO bilan hamkorlikda butun dunyoda ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ularning keng miqyosda targ‘ib qilinishi kamdan-kam kuzatiladi. O‘zbekiston bunday tadbirni tashkil etgan dastlabki mamlakatlardan biri ekanini alohida qayd etib, boshqa davlatlar ham bu tajribani kengroq qo‘llashi zarurligini taʼkidlab o‘tdi.
Tadbir yakunida FAO bosh direktori maslahatchisi O‘zbekistonning yer degradatsiyasi, tuproq sho‘rlanishi va suv bilan bog‘liq muammolarga qarshi qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



