Tokioda Orolbo‘yidagi ekologik vaziyat va uni sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
Mart 01, 2026. 10:30 • 58 soniya
• 112TOKIO, 1-mart. /“Dunyo” AA/. Yaponiya poytaxtida “The Organization for Industrial, Spiritual and Cultural Advancement” (OISCA) xalqaro tashkiloti tomonidan tashkil etilgan 47-Tokio forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli tadbirda mamlakatimiz elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forumda tashkilot rahbariyati, OISCA faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yaponiya parlamenti guruhi vakillari, sobiq Bosh vazir Shigeru Ishiba, shuningdek, yirik yapon korporatsiyalari va xorijiy davlatlar diplomatik missiyalari rahbarlari qatnashdilar.
Anjumanning asosiy mavzularidan biri Orolbo‘yi hududidagi ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish va hududda barqaror rivojlanishni taʼminlash masalasi bo‘ldi. Ishtirokchilarga O‘zbekiston hukumati tomonidan Orol dengizining qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirish, cho‘llanishga qarshi kurashish hamda mahalliy aholining turmush darajasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalar taqdim etildi.
Elchi o‘z nutqida Orol fojiasi nafaqat mintaqaviy, balki global ekologik muammo ekanini taʼkidlab, dengiz tubida saksovulzorlar barpo etish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar xalqaro ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Yaponiya tomoni va forum ishtirokchilari O‘zbekistonning Orolbo‘yi muammolariga yechim topish yo‘lidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadilar. Muzokaralar yakunida ekologik barqarorlikni taʼminlash va hududda yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratish maqsadida xalqaro hamkorlikni yana-da kuchaytirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



