O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi yilning birinchi choragida 18 milliard dollarga yetdi
May 06, 2026. 11:25 • 2 daq
• 417
TOSHKENT, 6-may. /“Dunyo” AA/. 2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi barqaror ijobiy o‘sish surʼatini namoyon etib, 18 milliard AQSH dollariga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha ko‘rsatkichi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 foizga oshgan. Xususan, tashqi savdo aylanmasi hajmida: eksport – 5,8 milliard AQSH dollari (-29,3 %), import – 12,2 milliard AQSH dollari (+30,8 %)ni tashkil etdi.
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston jahonning 170 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirdi. Shundan, tashqi savdo aylanmasining yuqori ulushi Xitoy (25,6 %), Rossiya (18,2 %), Qozog‘iston (7,2 %), Turkiya (3,6 %) va Afg‘oniston (2,8 %) hissasiga to‘g‘ri keldi.
Tashqi savdo aylanmasi hajmi bo‘yicha top-10 mamlakat:
Xitoy – 4,6 milliard dollar,
Rossiya – 3,3 milliard dollar,
Qozog‘iston – 1,3 milliard dollar,
Turkiya – 653,4 million dollar,
Afg‘oniston – 508 million dollar,
Fransiya – 488,9 million dollar,
Koreya Respublikasi – 463,6 million dollar,
BAA – 458,7 million dollar,
Turkmaniston – 357,5 million dollar,
Germaniya – 304,8 million dollar.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida Osiyo va MDH mamlakatlarining yuqori ulushi saqlanib qolmoqda. Bu holat ularning geografik yaqinligi, logistika infratuzilmasining rivojlangani va iqtisodiy hamkorlikning chuqurlashuvi bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, yevropalik hamkorlarning ishtiroki ortib borayotgani tashqi iqtisodiy aloqalarning yana-da diversifikatsiya qilinayotganidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi