O‘zbekiston va Misr savdo va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Mart 30, 2026. 18:44 • 2 daq
• 41
QOHIRA, 30-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Misr Taʼminot va ichki savdo vazirligi huzuridagi Isteʼmolchilar uyushmasi rahbari Odil Solih Muhammad bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Misr tomoni O‘zbekistondan mineral o‘g‘itlar va kimyoviy xomashyoni tizimli import qilishni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.
Bundan tashqari, Odil Solih Muhammad sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish doirasida yurtimizda qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Tomonlar ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish va mavjud resurs salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida ham istiqbolli kelishuvlarga erishildi. Xorijiy hamkorlar mamlakatimizning agrar sohadagi yutuqlarini yuqori baholab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, urug‘lik fondini almashish va zamonaviy nazorat tizimlarini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tegishli hujjatlarni imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi