O‘zbekiston va Jazoir tarixiy do‘stlikka amaliy mazmun bag‘ishlash tarafdori
Iyun 11, 2026. 18:50 • 2 daq
• 57
TOSHKЕNT, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi tashqi ishlar vaziri Ahmad Attaf bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Bugun Al-Jazoir shahrida Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi tashqi ishlar vaziri Ahmad Attaf bilan samimiy va samarali muzokaralar bo‘lib o‘tdi, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Tor va keng doirada bo‘lib o‘tgan suhbat davomida O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalarini atroflicha muhokama qildik.
Jazoirni Afrika qit’asidagi muhim va istiqbolli sherik sifatida qadrlaymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida hali to‘liq ishga solinmagan ulkan imkoniyat mavjud. Biz tarixiy do‘stlikni amaliy sheriklik bilan boyitish, oliy va yuqori darajadagi muloqotlarni muntazam yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni kengaytirish tarafdorimiz.
Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, Qo‘shilmaslik harakati, BMT va boshqa ko‘p tomonlama platformalarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratdik.
Mintaqaviy va xalqaro vaziyat yuzasidan ham fikr almashdik, xususan, Yaqin Sharqdagi vaziyatga alohida e’tibor qaratdik. Barqarorlikni ta’minlash va keskinlikni kamaytirishda vazminlik, muloqot hamda diplomatiyaning ahamiyati haqida so‘z yuritdik”.
“Dunyo” AA surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi