Shanxayda yangi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi
Aprel 09, 2026. 09:57 • 2 daq
• 113
SHANXAY, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Materiallar va asbob-uskunalar savdosi bo‘yicha faoliyat yurituvchi Shanxay xalqaro hamkorlik markazi (G60) direktori Chjao Lige bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur markaz 1992-yilda Pekin shahrida XXR Davlat kengashi huzuridagi nazorat komissiyasi tomonidan tashkil etilgan. U mahalliy va xorijiy hamkorlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Ushbu tashkilot “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilib, hukumat va biznes vakillari o‘rtasida bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaradi. Hozirgi kunda markaz tarkibiga Anxoy, Szyansu va Chjeszyan provinsiyalarida faoliyat yuritayotgan 12 mingdan ortiq kompaniya kiradi.
Suhbat davomida xitoylik ishbilarmonlar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan jadal iqtisodiy rivojlanishni yuqori baholab, O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga katta qiziqish bildirayotganini taʼkidladi.
Ayni paytda markazga aʼzo bo‘lgan qator yirik kompaniyalar O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritmoqda. Ular qatorida “Shanghai Wanling Electrical Equipment Co., Ltd”, “Wuhan Yangluo Port Service Co., Ltd”, “Wuhan Financial Holding Co., Ltd.” va “Shandong Tengzhou Huizhaitianxia Trading Co., Ltd.” kabi kompaniyalar bor.
Xitoy tomoni O‘zbekiston hududlari bilan ham sheriklikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Shu munosabat bilan, shu yil may oyida markazga aʼzo kompaniyalardan iborat delegatsiyaning Toshkent shahri, Sirdaryo va Samarqand viloyatiga tashrifini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Muzokaralar davomida hamkorlikda 2026 yilga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish, biznes-forum, konferensiya va boshqa uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi