Logo

Pokiston va Oʻzbekiston savdo, investitsiya, farmatsevtika va turizm sohasidagi hamkorlikni yanada jadallashtiradi

Noyabr 29, 2025. 10:33 • 2 daq

92
Pokiston va Oʻzbekiston savdo, investitsiya, farmatsevtika va turizm sohasidagi hamkorlikni yanada jadallashtiradi

ISLOMOBOD, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Oʻzbekiston elchisi Alisher Toʻxtayev Pokiston Bosh vazirining sanoat masalalari boʻyicha maxsus yordamchisi – Sanoat va ishlab chiqarish vaziri Xarun Axtar Xan va Ravalpindi Savdo sanoat palatasi – RCCI prezidenti Usmon Shavkat bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, muqobil tranzit va logistika yoʻnalishlarini ishlab chiqish, avia-kargo tashuvlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari, shuningdek, Pokiston fuqarolari uchun elektron viza tartibini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi prezidenti Usmon Shavkat yetakchi pokistonlik ishbilarmon doiralari vakillarining Oʻzbekistonga boʻlib oʻtgan biznes-missiyasi va 10-noyabr kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan “International Achievement Awards and Business Opportunities Conference – 2025” doirasida oʻtkazilgan biznes-forum natijalari boʻyicha axborot berdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur tadbirlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida amaliy aloqalarni mustahkamlash, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va yangi yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlik tashabbuslarini shakllantirishga xizmat qildi.

– Pokistonlik ishbilarmonlarning Oʻzbekiston bozoriga qiziqishi tobora ortib bormoqda, – dedi RCCI prezidenti. – Oʻzbekistonga amalga oshirilgan biznes-missiya davomida ham savdo, investitsiya sanoat, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va logistika sohalarida oʻzaro manfaatli loyihalar boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Pokiston tomoni avia-kargo tashuvlarini yoʻlga qoʻyishga yuqori qiziqish bildirdi. Shu bois, Oʻzbekistonning xususiy aviakompaniyalari va pokistonlik aviatashuvchilar oʻrtasida onlayn uchrashuvlar oʻtkazish taklifini ilgari surdi. Mazkur masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida har ikki mamlakat Transport vazirliklari tomonidan doimiy muloqot yoʻlga qoʻyilishi yuzasidan kelishib olindi.

Muloqot chogʻida, shuningdek, ikki mamlakat fuqarolari uchun viza tartiblarini soddalashtirish istiqbollari xususida ham fikr almashildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish