Pokiston kompaniyasining ishchi guruhi Yangi Toshkentda uy-joy va tijorat obyektlarini qurish shartlarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Oktabr 15, 2026. 08:10 • 2 daq

• 367
Pokiston kompaniyasining ishchi guruhi Yangi Toshkentda uy-joy va tijorat obyektlarini qurish shartlarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi

ISLOMOBOD, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Vision Group” kompaniyalar guruhi rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot avvalida Pokiston tomoni O‘zbekistonda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan zamonaviy shaharlar, uy-joylar va infratuzilmalarni barpo etish bo‘yicha tashabbuslar, “Yangi Toshkent” shahri loyihasi bilan batafsil tanishtirildi. Shuningdek, yurtimizga qurilish sohasiga sarmoya kiritayotgan xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida aytib o‘tildi. 

Muzokaralar davomida mazkur kompaniyaning Yangi Toshkent hududida yirik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Pokiston tomoniga Yangi Toshkent loyihasi doirasida davlat tomonidan infratuzilma va muhim ijtimoiy obyektlarni barpo etishga katta mablag‘lar yo‘naltirilayotgani, bugungi kunga qadar yangi shaharga 2 milliard AQSh dollaridan ortiq investitsiya kiritilgani ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, “Yangi Toshkent”uchun jami 20 ming gektar yer maydoni ajratilgani, birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda 50 milliard AQSh dollari qiymatidagi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgani ta’kidlandi.

“Vision Group” vakillari Yangi Toshkent loyihasini yuqori baholab, uni jozibador va istiqbolli investitsiya yo‘nalishi sifatida ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

– Biz “Yangi Toshkent” hududida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtiryapmiz, – dedi kompaniya vakili. – Loyiha zamonaviy turar-joy binolari, bog‘lar, sayilgohlar, favvoralar, umumiy ovqatlanish obyektlari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, shuningdek, aholi va xorijiy mehmonlar uchun qulay ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini qamrab oladi.

Suhbat chog‘ida, taklif etilayotgan mazkur loyiha taqdimotini o‘tkazish maqsadida kompaniya ishchi guruhining O‘zbekistonga safarini tashkil qilish bo‘yicha kelishib olindi.

“Vision Group” kompaniyalar guruhi 1990-yilda tashkil etilgan.  Guruh ko‘chmas mulk qurilishi va ommaviy axborot vositalari, kinoindustriya, farmatsevtika, ta’lim, arxitektura va dizayn sohalarida faoliyat yuritadi.

So‘nggi 22 yil davomida guruh Pokistonning turli shaharlarida umumiy maydoni 2,6 ming gektar bo‘lgan yirik shaharsozlik va qurilish loyihalarini amalga oshirgan. Bugungi kunda kompaniya aktivlari 7 milliard dollarga baholanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish