O‘zbekiston va Misr o‘rtasida agrar yo‘nalishdagi loyihalar ko‘rib chiqildi
Avgust 07, 2026. 10:00 • 2 daq
• 119
QOHIRA, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Misrning biznesni rivojlantirish va taraqqiy ettirish kompaniyasi (EBDAA)ning qishloq xo‘jaligi sektori direktori Ahmad Said Mahmud bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qohira shahrida joylashgan EBDAA Misrning agrosanoat, investitsiya va biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalariga ixtisoslashgan rasmiy tashkilot hisoblanadi. Kompaniya Misrning 12 dan ortiq viloyatida faoliyat yuritib, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, organik ekinlar yetishtirish hamda tuproq unumdorligi va hosildorligini oshirishga xizmat qiluvchi maxsus ozuqaviy moddalar va o‘g‘itlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Ushbu kompaniya Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar kabi Ko‘rfaz mamlakatlari bozorlarida ham yirik agroloyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.
Muzokaralar chog‘ida agrar sohadagi ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
EBDAA vakili tashkilotning ko‘p yillik boy tajribasi va keng ko‘lamli faoliyati haqida maʼlumot berdi. U O‘zbekistonda asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirdi.
Xususan, qulupnaychilikni rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizning unumdor tuprog‘i va qulay iqlim sharoitlaridan foydalangan holda zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yuqori sifatli mahsulot yetishtirish xususida fikr almashildi.
Shuningdek, o‘simliklar uchun ozuqaviy moddalar ishlab chiqarish, ekinlar hosildorligi va kasalliklarga chidamliligini oshiradigan, tuproq unumdorligini boyitadigan maxsus ozuqaviy moddalar hamda o‘g‘itlar ishlab chiqarish masalalari yuzasidan ham fikr yuritildi.
Uchrashuvda Ahmad Said Mahmud kompaniyaning O‘zbekiston bilan hamkorlikni amaliy bosqichga o‘tkazishdan manfaatdor ekanini bildirdi. U hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida mutasaddi idoralar hamda manfaatdor kompaniyalar vakillari o‘rtasida turli uchrashuvlarni tashkil etish yuzasidan o‘z takliflarini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi