O‘zbekiston va Britaniya oqova suv infratuzilmasini modernizatsiya qilishda hamkorlik qiladi

Avgust 04, 2026. 14:00 • 2 daq

98
O‘zbekiston va Britaniya oqova suv infratuzilmasini modernizatsiya qilishda hamkorlik qiladi
O‘zbekiston va Britaniya oqova suv infratuzilmasini modernizatsiya qilishda hamkorlik qiladi
O‘zbekiston va Britaniya oqova suv infratuzilmasini modernizatsiya qilishda hamkorlik qiladi

LONDON, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. Oqova suvlarni tozalash tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha mamlakatimizning Londondagi elchixonasida “Cambi Group” kompaniyasi rahbari Pyer Lillebyo bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv doirasida kompaniyaning Konglton shahrida joylashgan zavodiga hamda “Cambi” texnologik yechimlari o‘rnatilgan “Severn Trent Water” suv taʼminoti kompaniyasining Strongford shahridagi oqova suvlarni qayta ishlash inshootiga tashrif buyurilib, ishlab chiqarish va texnologik jarayonlar bilan yaqindan tanishildi.

Pyer Lillebyoning maʼlum qilishicha, “Cambi” oqova suvlardan hosil bo‘ladigan cho‘kindilar va organik chiqindilarni samarali boshqarish uchun termal gidroliz jarayoni yechimlarini ishlab chiqqan yirik texnologik kompaniya hisoblanadi. Ayni paytda kompaniya texnologiyalari dunyoning 25 dan ortiq mamlakatlaridagi qariyb 100 ta oqova suvlarni tozalash inshootlarida, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Norvegiya, Xitoy, Singapur va Yaponiya kabi yirik davlatlarda keng qo‘llanilmoqda.

Qayd etilishicha, “Cambi” texnologiyalari kanalizatsiya cho‘kindilari hajmini 2 baravargacha qisqartirish, bioo‘g‘it va biogaz ishlab chiqarish samaradorligini 50 foizgacha oshirish hamda atrof-muhitga zararsiz va qishloq xo‘jaligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish mumkin bo‘lgan qayta ishlangan mahsulot olish imkonini beradi.

Britaniya tomoni O‘zbekistonda suv taʼminoti va oqova suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, rejalashtirilayotgan yirik loyihalarda o‘z texnologik yechimlari bilan ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot yakunida “Cambi Group”ni O‘zbekistonda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalarga jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish