Logo

“Infora News”: 2026-yil 1-chorakda O‘zbekistonga 13,7 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb etildi

Aprel 28, 2026. 12:03 • 2 daq

73
“Infora News”: 2026-yil 1-chorakda O‘zbekistonga 13,7 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb etildi

ISLOMOBOD, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “Infora News” nashrida “O‘zbekistonning iqtisodiy yutuqlari: kuchli o‘sish ko‘rsatgichlari yangi rivojlanish davrini boshlab berdi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov muallifligidagi ushbu maqolada shu yil 24-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish natijalari sharhlangan.

Sharhda yozilishicha, 2026-yil birinchi choragida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish natijalari kuchli o‘sish ko‘rsatgichlarini namoyon qilganini ko‘rsatdi. O‘zbekiston nafaqat global beqarorlikka moslasha oldi, balki tashqi iqtisodiy xavflarga qarshi mustahkam ichki immunitetni ham shakllantirdi.

Erishilgan ko‘rsatkichlar milliy iqtisodiyotning sifat jihatidan yangi, dinamik rivojlanish bosqichiga chiqqanini ko‘rsatadi. Jahon bozorlaridagi o‘zgaruvchanlik, global logistika zanjirlarining uzilishi va inflyatsion bosim kuchayishiga qaramay, O‘zbekiston YAIMni 8,7 foizga oshirishga erishdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 6,8 foiz ko‘rsatkichdan ancha yuqori.

Bunday sezilarli o‘sish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan, jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan puxta o‘ylangan va izchil strategiyaning bevosita natijasidir.

Muallifning fikricha, mamlakat rahbariyatining katta hissasi tadbirkorlikni misli ko‘rilmagan darajada moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda namoyon bo‘ldi. 2026-yilda bank tizimi orqali bu maqsadlar uchun 140 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘p. Mahallalarga manzilli yordam esa birinchi chorakning o‘zidayoq 3,6 trillion so‘mni tashkil etdi va 25 foiz o‘sishni ko‘rsatdi. Bu mahalliy byudjetlarga qo‘shimcha ravishda 2,2 trillion so‘m daromad shakllantirish imkonini berdi.

Tahlil jarayonida davlat rahbari istiqbollarni aniq belgilab berdi. Asosiy vazifalardan biri sifatida mehnat unumdorligini keskin oshirish belgilangan bo‘lib, u zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv standartlarini joriy etish hisobiga kamida 10–15 foizga o‘sishi lozim. Davlat xomashyo eksport qiluvchi modeldan to‘liq voz kechib, yuqori texnologiyali mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishni maqsad qilgan va bu yo‘lda 40 dan ortiq jahon brendlarini strategik hamkorlikka jalb etmoqda.

Shuningdek, nashrda birinchi chorak davomida jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi rekord darajada ­– 13,7 milliard AQSH dollarini tashkil etgani, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar ko‘p ekani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish