O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi

Sentabr 22, 2026. 14:00 • 3 daq

97
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi

BЕRLIN, 22-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida texnologik metallar, kritik muhim minerallar va ularni qazib olish hamda qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Germaniya ishbilarmon doiralari, tegishli kompaniyalar va ekspertlar hamjamiyati vakillari, O‘zbekiston Texnologik metallar kombinati (TMK) delegatsiyasi ishtirok etdi.

Asosiy e’tibor strategik va kritik muhim mineral resurslarni o‘zlashtirish, xomashyoni qazib olish va chuqur qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratildi.

O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov mamlakatning boy mineral-xomashyo bazasi va ilg‘or nemis texnologiyalarining uyg‘unligi kritik xomashyo va strategik minerallar sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.

TMK vakillari kombinat faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar va O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari haqida taqdimot o‘tkazdi. Ishtirokchilarga xalqaro texnologik va investitsiyaviy hamkorlarni jalb qilish, mavjud resurslarni chuqur qayta ishlash va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish rejalari haqida ma’lumot berildi.

Muhokamalar davomida geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish siklini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb qilish, barqaror ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini shakllantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Tadbir doirasida TMK vakillarining germaniyalik tadbirkorlar bilan B2B formatida uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni, jumladan, molibden va volframni Germaniya va Yevropa bozorlariga yetkazib berish, shuningdek, xorijiy kompaniyalarning ishlab chiqarish klasterlarida ishtirok etishi muhokama qilingan yo‘nalishlar sirasiga kirdi.

TMK vakili Timur Hikmatullayevning so‘zlariga ko‘ra, germaniyalik hamkorlarga O‘zbekistonda tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan klasterlarda ishtirok etish va kelajakdagi Metallar texnoparki rezidenti bo‘lish taklif etildi.

“Germaniyalik hamkorlarni, birinchi navbatda, muhim minerallarni, jumladan, molibden va volfram mahsulotlarini Germaniya bozoriga yetkazib berish qiziqtirdi”, – dedi u.

“UzTradeHouse Germany GmbH” rahbari Joni Bakos o‘zbek kompaniyalarini Yevropa bozoriga chiqishda qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.

“Biz o‘zbekistonlik tadbirkorlarga nemis biznesi bilan aloqalar o‘rnatishda, shuningdek, eksport, logistika va moliyalashtirish masalalarida yordam berishga tayyormiz”, – dedi u.

“AKA-Ausfuhrkredit-Gesellschaft” rahbari Mark Vengrzik ikki davlat o‘rtasidagi moliyaviy hamkorlik bo‘yicha to‘plangan tajriba va uni kengaytirish istiqbollarini qayd etdi.

“Endi asosiy vazifa – hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish va yangi biznes hamda investitsiya loyihalarini rivojlantirish orqali ushbu imkoniyatlarni birgalikda ro‘yobga chiqarishdir”, – dedi Mark Vengrzik.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Germaniya kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan, texnologik sheriklik, investitsiyalar, muhim minerallarni yetkazib berish va O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni belgilab oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish