Xitoyda O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlari namoyish qilindi
Iyul 14, 2026. 08:10 • 2 daq
• 207LANCHJOU, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tashabbusi bilan Lanchjou shahrida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy, eksport va investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xalqaro tijorat nizolarining oldini olish va hal etish tashkiloti, Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish qo‘mitasi hamda Gansu provinsiyasi xalq hukumati maslahatchilari boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, savdo-sanoat palatalari, tarmoq uyushmalari, yuridik muassasalar, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida yurtimizning eksport-import salohiyati, raqobatbardosh mahsulotlarni Xitoy bozoriga yetkazib berish imkoniyatlari, ichki bozor ehtiyojlari, sanoat va investitsiya sohalaridagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi.
Xususan, Gansu provinsiyasiga O‘zbekistondan meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik, charm-poyabzal, kimyo va boshqa tayyor mahsulotlar eksport hajmini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralar chog‘ida o‘zaro savdo aylanmasini kengaytirish, O‘zbekiston va Gansu provinsiyasi tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek mahsulotlarini Xitoy bozorida faol targ‘ib qilish hamda xitoylik investorlarni mamlakatimizdagi sanoat va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Xitoy tomoni o‘zbek mahsulotlarini import qilish, savdo sherikligini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor kompaniyalarni jalb etishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha axborot almashinuvini davom ettirish, o‘zaro biznes-missiyalar va taqdimotlar tashkil etish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

