Eron va AQSH Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish fonida o‘zaro zarbalar almashishni kuchaytirdi

Iyul 14, 2026. 16:30 • 3 daq

113
Eron va AQSH Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish fonida o‘zaro zarbalar almashishni kuchaytirdi
“Reuters” agentligi surati

VASHINGTON-TEHRON, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. Yaqin Sharqdagi ziddiyat AQSH va Eron o‘rtasidagi yangi zarbalar, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskin vaziyat, Yaman husiylarining Saudiya Arabistonidagi obyektlarga hujumi fonida yana-da kuchayib bormoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Eron Iordaniyadagi Amerika harbiy bazasiga ballistik raketalar bilan zarba berganini eʼlon qildi. Iordaniya qurolli kuchlari Eron hududidan mamlakat havo hududiga kelgan to‘rtta raketa urib tushirilganini maʼlum qildi. Bunga javoban, AQSH besh soat davomida Eron obyektlariga zarbalar yo‘llab, hujumlar seriyasini ketma-ket uchinchi kun davom ettirdi.

Qarama-qarshilikning yangi bosqichi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat bilan bog‘liqdir. Urushdan oldin bu bo‘g‘oz orqali bir kecha-kunduzda qiymati 1,2 milliard dollardan oshadigan 15 million barreldan ko‘proq energiya resurslari tashilgan.

Eron bo‘g‘ozni yopishi haqidagi bayonotidan so‘ng, AQSH prezidenti Donald Tramp blokadani qayta tiklashini va ushbu yo‘nalish orqali yuk tashish uchun 20 foizlik yig‘im joriy etishini eʼlon qildi. Tehron bu bayonotlarni rad etib, aynan Eron bo‘g‘oz xavfsizligining kafolatchisi ekani va kemalar qatnovini mustaqil ravishda tartibga solishini taʼkidladi.

Fuqarolik kemalari bilan bog‘liq so‘nggi hodisalar qo‘shimcha keskinlikni yuzaga keltirdi. BAA Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, Amirliklarning ikkita neft tankeri Ummon hududiy suvlarida Ho‘rmuz bo‘g‘ozining janubiy qismidan o‘tayotgan vaqtda Eron qanotli raketalari zarbasiga uchragan.

Islom inqilobi posbonlari korpusi ogohlantirishlarga eʼtibor bermay, navigatsiya tizimlarini o‘chirib qo‘ygan va qoidalarni buzgan ikkita supertankerga hujum qilganini maʼlum qildi. Shuningdek, u AQSHni kemalarni noqonuniy yo‘nalishlardan foydalanishga undaganlikda aybladi.

Shu bilan bir vaqtda, Yamandagi vaziyat ham keskinlashdi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar harakati Saudiya Arabistoni janubidagi Abha xalqaro aeroportiga raketa va dronlar bilan zarba berganini bildirdi. Saudiya rasmiylari mamlakatning janubiy hududlari tomon uchirilgan raketalar urib tushirilganini maʼlum qildi. Bu hujumlar 2022-yil mart oyidan beri amalda bo‘lgan norasmiy sulhdan keyin husiylarning Saudiya Arabistoniga uyushtirgan va rasman eʼlon qilgan ilk zarbalari bo‘ldi.

Bundan sal avvalroq Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaman hukumati husiylar nazoratidagi Sana xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagiga zarba bergandi. Yaman Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, operatsiyadan maqsad Eron samolyotining qo‘nishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Husiylar hujumda Saudiya Arabistonini ayblab, aviakompaniyalarni qirollik havo hududi orqali parvoz qilish xavfidan ogohlantirdi.

BMT Xavfsizlik Kengashi mintaqadagi vaziyat yuzasidan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi. Tashkilot vakillari mojaroning kengayib ketishi ehtimolidan xavotir bildirib, tomonlarni BMT vositachiligida muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi.

Shu bilan birga, mintaqaviy ekspertlarning qayd etishicha, Vashington va Tehron hozircha muzokaralardagi o‘z mavqelarini kuchaytirish uchun harbiy bosimdan foydalangan holda, o‘zaro qarama-qarshilikni boshqariladigan doirada ushlab turishga intilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish