Karachi shahrida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘qimachilik sohasidagi hamkorlikni yanada jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi

Sentabr 07, 2026. 16:30 • 2 daq

189
Karachi shahrida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘qimachilik sohasidagi hamkorlikni yanada jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Karachi shahriga amaliy tashrifi davomida Pokistonning “Gul Ahmed Textile Mills” kompaniyasi direktori Zeshan Batt bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘qimachilik sohasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, mamlakatimizda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularni uchinchi bozorlarga eksport qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Kompaniya vakili O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati bilan ko‘p yillik hamkorlik tajribasiga ega ekanini taʼkidlab, Pokiston korxonalari orasida birinchilardan bo‘lib yurtimizdan yirik hajmda ip-kalava xarid qilishni yo‘lga qo‘yganini alohida qayd etdi.

Shu bilan birga, suhbat davomida O‘zbekistondan Pokistonga mahsulot yetkazib berishda transport-logistika masalalari muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgani taʼkidlandi. Tomonlar mazkur muammolarni bartaraf etish, yuk tashish muddatlari va xarajatlarini maqbullashtirish maqsadida muqobil transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish muhimligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Pokiston tomoni transport-logistika sohasida yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Muloqotda, shuningdek, hamkorlikni faqat xomashyo va ip-kalava savdosi bilan cheklab qolmasdan, O‘zbekiston hududida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhimligi taʼkidlandi. Bunday loyihalar nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasini oshirish, balki O‘zbekistonning eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda to‘qimachilik tarmog‘iga ilg‘or texnologiya va xorijiy investitsiyalarni jalb etishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida “Gul Ahmed Textile Mills” kompaniyasi bilan akkreditiv asosida ishlash uchun ishonchli va salohiyatli o‘zbekistonlik hamkorlarni aniqlash, shuningdek, O‘zbekistonda tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy choralar belgilab olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish