«Eldameer»: O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga tashrifi Markaziy Osiyo va Bolqon o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichidir

Sentabr 07, 2026. 21:00 • 2 daq

2
«Eldameer»: O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga tashrifi Markaziy Osiyo va Bolqon o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichidir

QOHIRA, 7-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning nufuzli “Eldameer” axborot portalida O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga tashrifiga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ta’kidlanishicha, bugungi globallashuv va geosiyosiy o‘zgarishlar davrida davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik nafaqat geografik yaqinlik, balki mushtarak manfaatlar uyg‘unligiga asoslanishi lozim. O‘zbekistonning mustaqil va vazmin tashqi siyosati turli mintaqalar, jumladan, Bolqon davlatlari, xususan, Serbiya bilan hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Nashrda qayd etilishicha, 1995-yil 18-yanvarda o‘rnatilgan diplomatik munosabatlar so‘nggi uch-to‘rt yil ichida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchichning 2023-yil Budapeshtda va 2025-yil Pekinda o‘tkazgan uchrashuvlari ikki tomonlama aloqalarga kuchli sur’at bag‘ishladi. Shuningdek, siyosiy maslahatlashuvlar, tashqi ishlar vazirliklari muloqotlari hamda O‘zbekistonning Serbiyadagi ilk elchisining tayinlangani munosabatlarni faollashtirishda muhim qadam bo‘ldi.

Mir ommaviy axborot vositasida qayd etilishicha, Serbiya O‘zbekiston uchun Bolqon mintaqasi mamlakatlari bilan aloqalarni kengaytirishda muhim darvoza hisoblanadi. O‘zbekiston tomoni Serbiyadan sanoat uskunalari, mashinalar va texnologiyalarni import qilish, qo‘shma korxonalar tashkil etishdan manfaatdor. O‘z navbatida, Serbiya qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, farmatsevtika va to‘qimachilik sohalariga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda.

Maqolada transport-logistika masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Strategik chorrahada joylashgan O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Bolqon” yo‘nalishi bo‘ylab yangi transport koridorlarini ochish, Transkaspiy koridori doirasida hamkorlik qilishga intilmoqda. Bu logistika samaradorligini oshirish, yetkazib berish muddatlarini qisqartirish hamda tranzit salohiyatidan maksimal darajada foydalanish imkonini beradi.

Yakunda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi ushbu yangi iqtisodiy ko‘prik ikkala mintaqa uchun ham muhim o‘sish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatning xalqaro maydondagi ishonchli hamkor sifatidagi rolini yanada mustahkamlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish