Logo

Italiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi oshmoqda

May 05, 2026. 13:55 • 2 daq

390
Italiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi oshmoqda
Italiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi oshmoqda

MILAN, 6-may /“Dunyo” AA/. Italiyaning Milan shahrida “Lombardiya va Samarqand: investitsiya imkoniyatlari” mavzusida biznes-forumi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana, mintaqaning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha vaziri Gvido Guidezi, “SACE” davlat eksport-kredit agentligi, “SIMEST” investitsiya agentligi, Italiya kompaniyalarining tashqi iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash agentligi (ICE) hamda “Cassa Depositi e Prestiti” davlat investitsiya banki rahbarlari ishtirok etdi.

Attilio Fontana Samarqand bilan aloqalar izchil rivojlanib borayotganini taʼkidlab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi hamda investitsiya muhiti yaxshilanganini qayd etdi. Shu bilan birga, Lombardiya kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga yana-da faol kirishga chaqirdi.

Forum doirasida “Promos Italia” tomonidan “Andersen Legal” bilan hamkorlikda tayyorlangan Italiya kompaniyalari uchun O‘zbekistonning ishbilarmonlik va huquqiy muhitiga oid tahliliy maʼruza taqdim etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida Lombardiya sanoat zonasini tashkil etish loyihasini namoyish qildi. Tematik sessiyalarda qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, to‘qimachilik, farmatsevtika va sanoat sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini Italiyaga eksport qilish, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda sanoat uskunalarini mahalliylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Vazir Gvido Guidezi muzokaralar davom ettirilishi va iyul oyida Italiya kompaniyalari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilganini maʼlum qildi. Delegatsiyaning Samarqanddagi bo‘lajak sanoat zonasi faoliyati bilan yaqindan tanishishi ko‘zda tutilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish