O‘zbekiston elchixonasida Yaponiya biznesining Yangi Toshkentdagi investitsiya loyihalarida ishtirok etish istiqbollari muhokama qilindi
Oktabr 16, 2026. 08:10 • 2 daq
• 250
TOKIO, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida “Noritsuisu Co. Ltd.” kompaniyasi prezidenti Shogo Aoki bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Yapon tomoni O‘zbekistonda biznes yuritish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun yaratilgan qulay sharoitlarni yuqori baholab, amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari va qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun kengayayotgan imkoniyatlarni alohida ta’kidladi.
Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini, jumladan, Toshkent viloyatida yangi ishlab chiqarish tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish hamda o‘zbek mahsulotlarining Yaponiya bozoridagi eksport salohiyatini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Bundan tashqari, yapon biznesining “Yangi Toshkent” infratuzilmasini rivojlantirishdagi ishtiroki, jumladan, turar joy va mehmonxona majmualarini qurish, shuningdek, yapon tajribasi va sifat standartlaridan foydalangan holda zamonaviy savdo, restoran va servis obyektlarini barpo etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida o‘zbek-yapon iqtisodiy hamkorligini yanada kengaytirish, ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish bo‘yicha kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi