Qozog‘istonda xorijliklarning mamlakatga kirishi uchun elektron ruxsatnoma joriy etilmoqda

Oktabr 16, 2026. 11:00 • 2 daq

• 118
Qozog‘istonda xorijliklarning mamlakatga kirishi uchun elektron ruxsatnoma joriy etilmoqda

OSTONA, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 24-oktabridan boshlab Qozog‘istonda vizasiz rejim amal qiladigan bir qator davlatlar fuqarolarining mamlakatga kirishi uchun elektron ruxsatnomani rasmiylashtirish talabi joriy etiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kazinform”ga tayanib.

Hukumat qaroriga ko‘ra, ruxsatnoma xorijiy fuqarolar uchun mo‘ljallangan raqamli platforma orqali bepul rasmiylashtiriladi. Ariza rejalashtirilgan kirish sanasidan kamida 72 soat oldin topshirilishi kerak. Hujjatning amal qilish muddati 180 kalendar kunni tashkil etadi.

Tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2026-yil 1-noyabrdan boshlab u Oqtov xalqaro aeroporti va to‘rtta avtomobil o‘tkazish punktida (Pavlodar viloyatidagi “Urlyutobe”, Jambil viloyatidagi “Auxatti”, Turkiston viloyatidagi “Atameken” va Jetisuv viloyatidagi “Nurli Jol”), 2027-yil 1-yanvardan Ostona va Olmaota aeroportlarida, 1-martdan esa davlat chegarasi orqali qolgan barcha o‘tkazish punktlarida qo‘llanila boshlaydi.

2027-yil 1-iyulgacha chet elliklarga elektron ruxsatnoma yo‘qligi sababli mamlakatga kirish rad etilmaydi.

Shu bilan birga, vizasiz bo‘lish muddatlari o‘zgarishsiz qoladi. Masalan, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya va Janubiy Koreya fuqarolari bir safar davomida mamlakatda 30 kungacha, biroq 180 kunlik davr mobaynida ko‘pi bilan 90 kun bo‘lishi mumkin.

Xususan, 16 yoshga to‘lmagan bolalar, 65 va undan katta yoshdagi shaxslar, amaldagi Qozog‘iston vizalari va yashash guvohnomalari egalari, diplomatlar, rasmiy delegatsiyalar a’zolari, boshqa qator toifadagi chet elliklar ruxsatnoma olishdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, Qozog‘istonda shaxsiy identifikatsiya raqamini rasmiylashtirishda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatda bo‘lishi qonuniyligini tekshirish taklif etilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish