“ISIWIS”: O‘zbekistonning “Olti iqtisodiyot – bir mahsulot” tashabbusi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon ishtirokida ishlab chiqarish zanjirini yaratishga qaratilgan

Oktabr 16, 2026. 11:30 • 2 daq

• 140
“ISIWIS”: O‘zbekistonning “Olti iqtisodiyot – bir mahsulot” tashabbusi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon ishtirokida ishlab chiqarish zanjirini yaratishga qaratilgan

TЕL-AVIV, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. Isroil Axborot urushlarini tadqiq etish instituti (ISIWIS) internet-platformasi bosh muharriri Yuriy Bocharovning O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif O‘zbekiston yetakchisi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi hamda MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ilgari surilgan tashabbuslarni tahlil qilgan.

Maqolada O‘zbekistonning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, transport bog‘liqligi va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarining ahamiyati alohida ta’kidlangan.

Turkmaniston bilan strategik sheriklikni mustahkamlash, Ozarbayjon bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda Janubiy Kavkaz va Yevropa bozorlariga chiqish uchun Kaspiy yo‘nalishidan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Qayd etilishicha, transport yo‘nalishlarini rivojlantirish va chegara tartib-taomillarini soddalashtirish yuk tashish xarajatlarini kamaytirish hamda o‘zbek mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Muhim tashabbuslar qatorida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon ishtirokida qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishni nazarda tutuvchi “Olti iqtisodiyot – bir mahsulot” taklifi alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 2027-yilda Xivada biznes-forum o‘tkazish va qo‘shma investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash platformasini yaratish taklif etilgan.

Materialda 2027-yilda O‘zbekistonning MDHga raisligi davridagi ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, tranzit xarajatlarini qisqartirish, sertifikatlarni o‘zaro tan olish va yuk tashish qoidalarini soddalashtirish masalalari ham alohida ko‘rib chiqilgan.

Muallifning baholashicha, ushbu tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi mintaqadagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekiston korxonalarining imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatning xalqaro savdodagi o‘rnini oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish