Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy ish bilan taʼminlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi

Avgust 13, 2026. 18:00 • 2 daq

43
Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy ish bilan taʼminlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy ish bilan taʼminlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi

VLADIVOSTOK, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasidagi “SZ Shante Development” va “Sever Stroy” korxonalarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqotlar davomida vatandoshlarimizga yaratilgan mehnat va maishiy sharoitlar, xususan, turar joy, umumiy ovqatlanish imkoniyatlari hamda ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvlarda Bosh konsulxona tomonidan xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Diplomatlar tomonidan turli ekstremistik va xalqaro terrorchilik tashkilotlari diniy aqidalar niqobi ostida fuqarolarni zo‘ravonlikka, radikal qarashlarga, madaniy-maʼrifiy va oilaviy qadriyatlardan voz kechishga undashga qaratilgan harakatlar xususida tushuntirishlar berildi.

Vatandoshlarimiz bunday buzg‘unchi g‘oyalar taʼsiriga tushib qolmaslik, ulardan uzoq bo‘lish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni asrash hamda milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni munosib targ‘ib qilishga chaqirildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Ish beruvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda korxonalardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va mehnat sharoitlari haqida maʼlumotlar olindi. Muzokaralar davomida qator mutaxassisliklar bo‘yicha mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga vatandoshlarni qonuniy tartibda ishga jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tadbirlarda O‘zbekiston fuqarolarining xorijda munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarida faoliyat yuritishini taʼminlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ish beruvchilar bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish